Respublikadagi 3 ta tashkilotga monopoliyaga qarshi organning roziligisiz davlat ishtirokidagi korxonani tashkil etgani uchun taʼsir chorasi ko‘rildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Keltirilishicha, qo‘mita 2024-yilning III choragi davomida iqtisodiyotda davlatning ishtirokini qisqartirish bo‘yicha davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning affillangan shaxslarini tashkil etishda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olinganligi masalalari yuzasidan monitoring o‘tkazgan. Unda 4 ta holatda davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning affillangan shaxslarini tashkil etgan tashkilot aniqlandi:
- Andijon viloyati Oltinko‘l tuman hokimligi;
- Toshkent viloyati Kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiyasi;
- O‘zbekiston milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi (2 ta holatda).
Mazkur korxonalarda «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun, «Raqobat muhitini yana-da rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 346-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablarini buzish alomatlari aniqlandi.
Unga ko‘ra, davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning affillangan shaxslarini tashkil etish (qayta tashkil etish) chog‘ida monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinishi lozim.
Qonun buzilishi ortidan ularga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish yuzasidan belgilangan tartibda ko‘rsatmalar berildi, deyiladi xabarda.
Ushbu davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish bo‘yicha qabul qilingan qarorni bozorda raqobat muhitiga taʼsir ko‘rsatmaganligi sababli o‘z kuchida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, kelgusida qonun buzilishi holatiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110620 | Инструменты