O‘zbekiston AQSh bilan strategik sheriklikni chuqurlashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida aytiladi.
Tashqi ishlar vazirligiga yil yakuniga qadar AQSh yangi ma’muriyati vakillari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish va oliy darajadagi tashrifni tashkil etish vazifasi yuklatilmoqda.
Bundan tashqari, Toshkentda AQSh bilan kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi raundini yuqori darajada o‘tkazish taklif etilmoqda.
Shuningdek, “C5+1” (Markaziy Osiyo va AQSh) formatidagi hamkorlikni faollashtirish, jumladan, vazirlar uchrashuvi, tegishli “ishchi guruhlar” yig‘ilishlarini o‘tkazish, shuningdek, ushbu formatning 10 yilligi munosabati bilan Samarqandda o‘tkaziladigan yubiley sammitiga tayyorgarlik ko‘rish reja qilinmoqda.
Loyihada parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, xususan, AQSh Kongressi yetakchi a’zolarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston AQSh bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni ko‘rib chiqmoqda, shuningdek, AQSh hukumati tomonidan inson huquqlari mezonlari bo‘yicha e’lon qilinadigan turli hisobotlarda O‘zbekistonning yuqori pozitsiyalarini saqlab qolish uchun yaqin hamkorlikni davom ettirish niyatida.
Bundan tashqari, ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalarda, jumladan, universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik, ingliz tilini o‘qitish, shuningdek, fan va ekologiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha AQSh bilan aloqalarni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12213 | Инструменты