O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroilning Eronga hujumlari yuzasidan xavotir bildirdi.
Vazirlik barcha tomonlarni to‘liq vazminlikka, harbiy harakatlarni darhol to‘xtatishga va nizoni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga chaqirmoqda. Shuningdek, mojaroning keskinlik darajasini kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarga ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi insonlarning halokatiga va Yaqin Sharqda vaziyatning keskinlashuviga olib kelgan Isroilning Eron Islom Respublikasiga qarshi harbiy amaliyoti yuzasidan chuqur xavotir bildiradi.
Barcha tomonlarni to‘liq vazminlikka, harbiy harakatlarni darhol to‘xtatishga va nizoni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga chaqiramiz.
Keng ko‘lamli to‘qnashuvga olib kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy vaziyatning yanada keskinlashuvi xavotir uyg‘otmoqda.
O‘zbekiston mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi va mojaroning keskinlik darajasini kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarga ko‘maklashishga tayyorligini bildiradi”, deyiladi munosabatda.
Isroil 13-iyunga o‘tar kechasi Eronga yirik ko‘lamda hujum uyushtirib, mamlakat yadroviy dasturining asosiy obyektlari va yuqori martabali harbiy rahbarlarini nishonga oldi. Mamlakat favqulodda holat e’lon qilib, havo hududini yopdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61410 | Инструменты