"Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmon loyihasi eʼlon qilindi.
Quyidagilar O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilanadi:
O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda inson huquqlari sohasidagi qonunchilikni yana-da takomillashtirish;
2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish hamda inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini taʼminlash bo‘yicha saʼy-harakatlar uzviyligini taʼminlash;
bolalar, yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari vakillari huquqlarini himoya qilish tizimini kuchaytirish, inklyuziv jamiyat asoslarini rivojlantirish;
inson huquqlari sohasida parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tizimini yana-da yaxshilash, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalari bajarilishini monitoring qilishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va nodavlat notijorat tashkilotlarning o‘zaro hamkorligining qonunchilik asoslari va huquqiy amaliyotini kuchaytirish;
shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlarni himoya qilishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatining ochiqligi va o‘zaro hamkorligi samaradorligini taʼminlash;
O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishini taʼminlashda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning faoliyatini takomillashtirish.
Farmonda belgilangan chora-tadbirlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilishning quyidagi tartibi o‘rnatiladi:
a) vazirlik va idoralar har chorakda hisobot davridan keyingi oyning 5-sanasiga qadar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markaziga farmon bilan tasdiqlangan strategiya va «Yo‘l xaritasi»da nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida hisobot taqdim etadilar. Bunda, vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari «Yo‘l xaritasi»da belgilangan vazifalarning to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgardir;
b) Markaz Milliy strategiya va «Yo‘l xaritasi»ning amalga oshirilishi yuzasidan:
muntazam monitoring olib borib, chora-tadbirlar sifatli va o‘z vaqtida ijro etilishi bo‘yicha taklif va tavsiyalarni tegishli vazirlik va idoralarga kiritib boradi;
doimiy ravishda aniq ko‘rsatkichlar va erishilgan natijalar aks ettirilgan batafsil axborotni o‘z veb-saytida joylashtirib boradi;
har olti oyda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi va Oliy Majlis palatalariga umumlashtirilgan maʼlumot kiritadi;
axborot-tahliliy sharhlar tayyorlanishi, xorijiy tillarga tarjima qilinishi va eʼlon qilinishini taʼminlaydi.
Quyidagilarga:
a) Oliy Majlisning Inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasiga vazirlik va idoralar rahbarlarining milliy strategiya va «Yo‘l xaritasi»ning ijro holati yuzasidan axborotini har yarim yilda eshitish va tanqidiy muhokama qilish;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlariga vazirlik va idoralar hududiy bo‘linmalari rahbarlarining milliy strategiya va «Yo‘l xaritasi»ning hududlar kesimida ijro etilishi yuzasidan axborotini eshitish va tanqidiy muhokama qilish tavsiya etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42003 | Инструменты