O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston xavfsizlik kengashlari kotiblari, shuningdek, Turkmanistonning Toshkentdagi elchixonasi harbiy attashesi Samarqandda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Markaziy Osiyoda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish masalalarini muhokama qildi.
Tadbir O‘zbekistonning raisligi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari formatida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Unda Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va konstruktiv muloqot tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik mintaqasiga aylanib borayotgani alohida taʼkidlandi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga raisligida global xavfsizlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, mamlakatlar oldida turgan dolzarb masalalarning barqaror yechimlarini birgalikda izlashga qaratilgan mintaqaviy sheriklik kun tartibini ilgari suradi, deyiladi xabarda.
Ishtirokchilar mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm, ekstremizm, radikallashuv va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, mintaqada ekologik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi hamkorlik, shuningdek, Markaziy Osiyoda transport xavfsizligini taʼminlash hamda transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42009 | Инструменты