Huawei 1
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Shayx Nuriddin Xoliqnazarov Musulmon oqsoqollari kengashiga aʼzo bo‘ldi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Shayx Nuriddin Xoliqnazarov Musulmonlar oqsoqollari kengashiga aʼzo bo‘ldi.

Al-Azhar imom-xatibi, Musulmonlar oqsoqollari kengashi raisi doktor Ahmad At-Toyyib O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, O‘zbekiston bosh muftiysi Nuriddin Xoliqnazarovni kengash qarori bilan Musulmon oqsoqollari kengashi aʼzoligiga qabul qilinganini eʼlon qildi. Bu haqida O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi xabar berdi.  

Shayx Nuriddin Xoliqnazarov 2021-yil 19-oktyabrdan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy muftiysi lavozimlarida ishlab kelmoqda. Butun kasbiy faoliyati davomida Asaka shahridagi Ahmad Ali Maxdum jome masjidida, so‘ngra Toshkent shahridagi Oqtepa masjidida imom va voizlik qilgan. Toshkent shahridagi Ko‘kaldosh nomidagi islom bilim yurtida, Andijon viloyatidagi Sayyid Muhiddin Maxdum nomidagi islom bilim yurtida muallimlik qilgan. Bundan avval u Andijon viloyati imom-xatiblari boshlig‘i, 2019-2021-yillarda esa O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri imom-xatiblari boshlig‘i lavozimlarida ham ishlagan.

Shayx Nuriddin Xoliqnazarov 1968-yilda Andijon viloyati Asaka shahrida tug‘ilgan, 1992-yilda Buxoro shahridagi “Mir Arab” maktabini tamomlagan. Shuningdek, Imom Al-Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olgan va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini tamomlagan.

Musulmonlar oqsoqollari kengashi bosh kotibi  Muhammad Abdulsalom O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Shayx Nuriddin Xoliqnazarovga o‘z minnatdorchiligini bildirib, o‘zining boy tarixi, rang-barang merosi va chuqur intellektual, madaniy va diniy taʼsirga ega bo‘lgan merosi bilan Markaziy Osiyodagi musulmonlar oqsoqollar kengashining roli va faoliyatini oshirish maqsadida Shayx Nuriddin Xoliqnazarov bilan hamkorlik qilishni sabrsizlik bilan kutmoqda. Bu hamkorlik, shuningdek, dinlar o‘rtasidagi muloqot, bag‘rikenglik, tinch-totuv yashash va o‘zaro hurmatni rivojlantirishga qaratilgan.

O‘z navbatida, Musulmon oqsoqollari kengashining yangi tayinlangan aʼzosi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazarov hazratlari mazkur kengashga aʼzo etib tayinlangani shaxsan o‘zi uchun hamda O‘zbekiston va O‘rta Osiyoning barcha xalqlari uchun katta faxr va iftixorligini taʼkidladilar. Shayx Nuriddin Xoliqnazarov Al-Azhar bosh imomi va Musulmon oqsoqollari kengashi raisi doktor Ahmad at-Toyib hazratlari, kengashning barcha aʼzolari va Bosh kotibiga ushbu nufuzli xalqaro organga aʼzo etib tayinlanganlari uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Kengashning musulmon dunyosi manfaatlariga xizmat qilish, tinchlikni mustahkamlash, muloqotni keng olib borish, hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan islom merosini asrab-avaylashga qaratilgan maqsadlariga erishish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishga vaʼda berdi.

Musulmonlar oqsoqollar kengashi Abu-Dabida 1435-yilning 21 ramazonida, 2014-yilning 19-iyuliga to‘g‘ri keladi, Al-Azhar bosh imomi doktor Ahmad at-Toyib raisligida tashkil etilgan mustaqil xalqaro tashkilotdir. Kengash tarkibiga bir qancha olimlar, qozilar va o‘zining adolatliligi, moʻtadilligi va mustaqilligi bilan mashhur bo‘lgan arboblar kiradi. Musulmonlar oqsoqollari kengashining maqsadi musulmon va musulmon bo‘lmagan jamiyatlarda tinchlikni taʼminlash, muloqot, bag‘rikenglik va hamjihatlik qadriyatlarini targ‘ib qilish va mustahkamlashdan iborat.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70617 | Инструменты