Senatning yalpi majlisida “Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi Konvensiyaga (Orxus, 1998-yil 25-iyun) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur Konvensiya insonning sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishga qaratilgan muhim xalqaro hujjat hisoblanib, u tegishli davlat organlari, fuqarolar va jamoatchilik o‘rtasida ekologik axborotlarni olish va ulardan foydalanishni taʼminlashga qaratilgan.
Qayd etilganidek, xalqaro maqomdagi hujjatning asosiy maqsadi – ekologiya, atrof-muhit va fuqarolarning sog‘lig‘iga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qarorlarni qabul qilishda jamoatchilikning ishtiroki bilan bog‘liq o‘zaro munosabatlarni tartibga solish hamda odil sudlovga erishishni taʼminlashdan iborat.
Konvensiyada davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan keng jamoatchilik so‘roviga binoan havo, atmosfera, suv va tuproq kabi atrof-muhit elementlarining tarkibiy qismlariga doir zarur maʼlumotlarni taqdim etish, sohani rivojlantirishga qaratilgan dastur va rejalarni ishlab chiqishda jamoatchilikning ishtirokini taʼminlash belgilangan.
Senatorlarning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining mazkur Konvensiyaga qo‘shilishi ekologiya va atrof-muhit sohasida inson huquq va erkinliklarini munosib taʼminlashga, xorijiy hamkor davlatlar bilan hamjihatlikda ekologik xavfsizlikka erishish bo‘yicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni amalga oshirishga, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imiji va nufuzini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar tomonidan qonun maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22222 | Инструменты