Oʻzbekiston Prezidenti TDT sammitining madaniy dasturida ishtirok etdi

Yetakchilar Anqara shahridagi “Beshtepa” majmuasida Turkiy davlatlar sivilizatsiyasi bog‘ini ochib berishdi.

Bog‘da tashkil etilgan turkiy davlatlarning pavilonlarida an’anaviy o‘tovlar va xalq amaliy san’ati namunalari namoyish etilmoqda. Ular turkiy xalqlarning boy tarixiy-madaniy va me’moriy merosi, ilm-fan va ma’rifat sohasidagi yutuqlari, o‘ziga xos an’analari hamda hozirgi davrdagi taraqqiyotini aks ettiradi.

Davlat rahbarlari turkiy xalqlarning yozma yodgorligi hisoblangan qadimgi O‘rxun bitiklarining nusxasi bilan tanishdilar. Shu yerning o‘zida milliy o‘yinlar, kamonchilar va tarixiy liboslardagi jangchilarning chiqishlari bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng davlat rahbarlari eman ko‘chatlarini ekdilar.

Bunday tashabbuslar tarixiy xotira va madaniy merosni asrab-avaylash, avlodlar o‘rtasida uzviylikni ta’minlash hamda ma’naviy qadriyatlari va an’analari mushtarak bo‘lgan xalqlar o‘rtasidagi birodarlik aloqalarini yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng yetakchilar “Malazgirt” markaziga tashrif buyurishdi.

Oliy martabali mehmonlarga chavandozlar, akrobatlar va kaskadyorlar, shuningdek, tashkilotga a’zo mamlakatlardan keltirilgan otlar ishtirokida epik tomosha namoyish etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 103001 | Инструменты