O‘zbekiston prezidenti Turkman xalqining milliy yetakchisini tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Milliy yetakchining zamonaviy Turkmanistonni barpo etish va jadal rivojlantirish, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi tarixiy o‘rni alohida qayd etildi.

Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikda erishilgan yutuqlar alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda, chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda, muhim qo‘shma iqtisodiy va gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

Yetakchilar qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning bo‘lajak yig‘ilishida sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalari, hududlararo va madaniy almashinuvni rivojlantirish bo‘yicha yangi kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqish muhimligini qayd etdilar.

Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari ham ko‘rib chiqildi.

Izohlar: 2
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70116 | Инструменты