BMT Bosh kotibi Toshkent viloyatidagi yirik fotoelektr stansiyasini borib ko‘rdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan O'zbekistonda bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish 1-iyul kuni Yuqori Chirchiq tumanidagi quvvati 200 megavatt bo‘lgan "ACWA POWER RIVERSIDE SOLAR" quyosh fotoelektr stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.

Dastlab oliy martabali mehmonga 2030-yilgacha Oʻzbekistonda yashil energetikani rivojlantirish strategiyasi, muqobil energiya ishlab chiqarish sohasida quvvatlarni yaratish dasturi haqida taqdimot qilindi.

Jumladan, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatida qiymati 400 million dollarlik, 200 megavatt quvvatiga ega boʻlgan loyiha amalga oshirildi. Buning uchun 460 gektar yer maydoni ajratilgan. Hozirgi kunda 150 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, keyinchalik Parkent tumanida 500 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushiriladi.

Mazkur saʼy-harakatlar natijasida 130 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilib, atmosferaga 180 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.

Asosiy maqsad aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, elektr energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish koʻlamini kengaytirishdir.

BMT Bosh kotibi mamlakatimizda quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini aytib oʻtdi. Bu borada amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish sohasidagi maqsad va vazifalarga erishishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70313 | Инструменты