O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiyalar forumining ochilish marosimidagi nutqida Ukraina atrofidagi vaziyatni «faqat diplomatik yo‘llar bilan hal qilish kerakligini» aytdi.
Davlat rahbari Rossiya va Ukraina o‘rtasida Istanbulda bo‘lib o‘tayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni olqishladi. 16 may kuni davlatlar 2022 yildan buyon ilk marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga qayta kirishdi. Hozircha tomonlar eʼlon qilgan yagona kelishuv «1000 ga 1000» formulasi bo‘yicha harbiy asirlarni almashish hisoblanadi. Muzokaralarning ikkinchi raundi 2 iyun kuni bo‘lib o‘tdi.
«Bugungi dunyo katta sinovlarni boshidan kechirmoqda. Global xavfsizlik va barqaror rivojlanish jiddiy tahdidlar tobora kuchaymoqda. Geosiyosiy jarayonlar ko‘z o‘ngimizda shiddat bilan o‘zgarmoqda», — dedi davlat rahbari.
Mirziyoyevning taʼkidlashicha, jahonda qurollanish poygasi yana avj olmoqda. Yirik mamlakatlarning harbiy xarajatlari 2010 yilga nisbatan 1,5 baravar ortib, 2,5 trln dollarga yetgan. Iqtisodiy inqiroz asoratlari, moliyaviy resurslar taqchilligi hisobiga jahon yalpi ichki mahsulotining o‘sish surʼatlari ketma-ket uchinchi yil pasaymoqda.
«Ming afsuski, xalqaro huquq normalari va diplomatiya kuchi zaiflashmoqda. Buni hammamiz ko‘rib, bilib, sezib turibmiz», — dedi u.
«Eng achinarlisi — insoniyat uchun eng dolzarb muammolar: oziq-ovqat xavfsizligi, kambag‘allik, iqlim o‘zgarishi kabi masalalarga eʼtibor kamaymoqda. Dunyoda tinchlik, adolat va inson qadriga bo‘lgan umumiy ishonchni tiklash har qachongidan ham muhim. Buni hammamiz tushunib turibmiz va mana shunga qarab harakat qilishimiz kerak», — deya fikrini davom ettirdi prezident.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tomoni Ukraina bilan bog‘liq vaziyatni faqat diplomatik yo‘llar bilan hal etish zarur deb hisoblashini va Istanbulda bo‘lib o‘tayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni olqishlashini aytdi.
«Shu bilan birga, ko‘pdan buyon cho‘zilayotgan G‘azo fojiasiga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. XXI asrda ko‘z o‘ngimizda ko‘plab begunoh insonlarning nobud bo‘layotganini hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi. Bu muammoning yagona yechimi nizoni xalqaro huquq meʼyorlari va qabul qilingan rezolyutsiyalar asosida adolatli hal qilishdir. Falastin xalqi o‘z mustaqil davlatiga ega bo‘lishga haqli. Global kun tartibidagi yana bir masala bu qo‘shni Afg‘onistonning tinch va barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat. Bu davlatning amaldagi hukumati bilan xalqaro maydonda konstruktiv muloqot olib borish, uning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik har qachongidan ham muhim deb o‘ylaymiz», — deya taʼkidladi davlat rahbari.
U, mazkur mamlakatdagi osoyishtalik va iqtisodiy rivojlanish yon atrofdagi barcha mintaqalarning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun zarur omil deb hisoblashini qo‘shimcha qildi.
«Men hozir taʼkidlab o‘tgan muammolar bo‘yicha barcha sherik davlatlarimizni ochiq va keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikka chaqiramiz. Chunki forumning asosiy maqsadi bo‘lgan investitsiyalar faqat iqtisodiy taraqqiyot emas, balki tinchlik va barqarorlikning kafolatidir deb bilamiz. Keling, birgalikda shunday investitsiya muhitini yarataylikki, u daromad keltirish bilan birga inson qadrini ulug‘laydigan, uning hayotiy manfaatlarini taʼminlaydigan va jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan mustahkam poydevorga aylansin», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61309 | Инструменты