Senatning to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qatar Davlati Hukumati o‘rtasida ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi Bitimni (Toshkent shahri, 2024-yil 15-aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, mazkur bitimda ikki davlat o‘rtasida o‘zaro manfaatli siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan asosiy ustuvor yo‘nalishlar belgilanmoqda.
Jumladan, bitimda ko‘lamdor maqsadlarni ko‘zlagan taʼlim va ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va madaniy meros, turizm, sport kabi muhim sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek iqtisodiyot, boshqaruv, diplomatiya va turizm sohalarida kadrlar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish bo‘yicha tajriba almashishga qaratilgan birgalikdagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, ushbu hujjatda xalqaro shartnomalarga muvofiq o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va rag‘batlantirish hamda xususiy sektorlardagi qo‘shma korxonalarni tashkil qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ko‘rish nazarda tutilmoqda.
Hujjatda xalqaro terrorizm va ekstremizmga, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, qurollarning noqonuniy muomalada bo‘lishiga, uyushgan jinoyatchilikka, odam savdosiga qarshi kurashish va ularni bartaraf etish mexanizmlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va birlashtirish bo‘yicha aniq va rejali choralar belgilanmoqda.
Senatorlarning fikricha, bitimning ratifikatsiya qilish haqidagi qonun O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar tomonidan qonun maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22221 | Инструменты