O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi bosh konsulxonasi mamlakatimiz fuqarolarining kaltaklanishi yuzasidan Rossiya vakolatli idoralariga nota yubordi. Bu haqda O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsuli Yusuf Qobuljonov maʼlum qildi.
“Holat aniqlangan zahoti O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi bosh konsulxonasi xodimlari tashabbusi bilan jabrlangan fuqarolarimiz bilan tezkor aloqa o‘rnatilib, ularga zarur huquqiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, fuqarolarimiz tomonidan Vladivostok shahri ichki ishlar boshqarmasiga rasmiy ariza topshirildi hamda Rossiya tashqi ishlar vazirligining Vladivostokdagi vakolatxonasiga va Primorsk o‘lkasi prokuraturasiga mazkur masala yuzasidan barcha tegishli choralarni ko‘rish zarurligi haqida notalar yuborildi”, – deb yozdi bosh konsul.
Hodisa O‘zbekistonning bosh konsulxonasi va Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan alohida nazoratga olingani taʼkidlangan.
Gap shundaki, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda vladivostoklik mahalliy yoshlar O‘zbekiston fuqarolarini kaltaklagani va tahqirlagani aks etgan video tarqalgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91619 | Инструменты