Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati Norin tumanidagi “Fishvel Norin” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Baliqchilik ham aholi salomatligi, ham oziq-ovqat xavfsizligida muhim o‘rin tutadi. Baliq mo‘l bo‘lishi boshqa go‘sht mahsulotlari narxiga ijobiy ta’sir qiladi. Uni xonadonlarda boqish oilalarga qo‘shimcha daromad olib keladi.
Mamlakatimizda baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga ana shu jihatdan yondashilmoqda. Sersuv tumanlarda investitsiya va kooperatsiya loyihalari faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.
“Fishvel Norin” korxonasi 3 million dollar hisobiga shunday loyiha boshlagan. Ikki gektardan ziyod hududda 76 ta innovatsion havza tashkil etilgan. Hozirgi kunda shundan 40 tasi ishga tushirilgan bo‘lib, super intensiv usulda gulmohi balig‘i yetishtirilmoqda. Umuman, bu yerda yiliga 2 ming tonna tansiq go‘sht yetishtirib, 5 million dollarlik eksport qilish mo‘ljallangan.
Muhim tomoni, korxona mahalliy aholini baliq yetishtirishga o‘rgatyapti. Xo‘jaqo‘rg‘oncha mahallasidagi 25 ta xonadon klaster bilan kooperatsiya qilib, har biri yiliga 150 million so‘mgacha daromad ko‘ryapti.
Buni yanada kengaytirib, Norin va Uchqo‘rg‘on tumanlaridagi 100 ta oilani baliqchilikka jalb etish rejalashtirilgan. Jumladan, 2 ming tonna gulmohidan 500 tonnasi xonadonlarda yetishtiriladi. Natijada 300 dan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.
Baliqchilik rivojlangani yana bir yo‘nalishni vujudga keltirdi – korxona yonida zamonaviy restoran ham barpo etildi. Unda baliqdan turli xil taomlar tayyorlanib, mehmonlarga taklif qilinadi. Bu turizm va boshqa xizmatlar kengayishiga ham hissa qo‘shyapti.
Prezidentimiz mutasaddilarga respublika bo‘yicha gulmohi yetishtirish mumkin bo‘lgan tumanlarni aniqlab, mazkur tizimni ommalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Niderlandiyalik hamkorlar bilan baliq ozuqasi ishlab chiqarish, Norindagi tik quduqlar yonida sun’iy hovuzlar o‘rnatib, aholiga bo‘lib berish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Ayni paytda Namangan viloyatida meliorativ quduqlar atrofida davlat-xususiy sheriklik asosida yana 34 ta intensiv basseyn barpo etilgan. Yana bir jihat shundaki, baliq boqilgan suv minerallarga boyishi evaziga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda ishlatilmoqda. Bunda xorijlik mutaxassislar tajribasiga tayanilmoqda.
Shu yerda davlatimiz rahbariga “Islohotlar shtabi” faoliyati yuzasidan axborot berildi. Qayd etilganidek, tadbirkorlar bilan birgalikda 1 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularning natijasida jami 12 ming ish o‘rni, byudjetga qo‘shimcha 200 milliard so‘m tushum, 160 million dollar eksport manbai paydo bo‘ladi.
Jumladan, shunday manzilli ishlar orqali Mingbuloq va Norin tumanlari iqtisodiyotini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Aholiga tayyor loyihalar berib hamda kasbga yo‘naltirib, bandligini ta’minlash choralari belgilangan.
Prezidentimiz Norin tumanidagi “Rasulov G‘ofurjon o‘g‘li Bahodir” fermer xo‘jaligi dalasida ham bo‘lib, paxta terimini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda xorijiy go‘za navi ekilib, yuqori hosil yetishtirilgan. Kimyoviy ishlov berishga uchuvchisiz apparatlar, terimga zamonaviy mashinalar jalb etilgan. Ular yordamida paxta nest-nobud qilinmay, toza terib olinyapti.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91619 | Инструменты