O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Germaniya Federativ Respublikasining Quyi Saksoniya Kriminologiya tadqiqot institutiga tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari Quyi Saksoniya Kriminologiya tadqiqot instituti rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi va ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar olib bordi.
Muzokaralar natijasida kriminologik tadqiqotlar natijalari bo‘yicha chop etilgan ilmiy nashrlarni o‘zaro almashish, hamkorlikda «Kriminologiya» xalqaro ilmiy-amaliy jurnalini ta’sis etish, shuningdek, birgalikda xalqaro forum o‘tkazish va qo‘shma xalqaro ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, “Staff Mobility” – ilmiy xodimlarning almashinuvi dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutining xodimlarini 14 kundan 4 oygacha muddatga Quyi Saksoniya Kriminologiya tadqiqot institutiga ilmiy stajirovka o‘tashga yuborish masalasi ishlab chiqilishi belgilandi.
O‘zbekiston Kriminologiya tadqiqot instituti Germaniya Federal ta’lim va tadqiqot vazirligi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, German akademik almashinuvlar xizmati, Nemis ilmiy-tadqiqot jamiyati, Germaniyadagi kriminologiya institutlari bilan ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda Quyi Saksoniya Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan uslubiy yordam ko‘rsatilishi ma’lum qilindi.
Delegatsiya a’zolari Quyi Saksoniya Kriminologiya tadqiqot institutining faoliyati va ishlash mexanizmlari bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur institut 1979 yilda tashkil etilgan bo‘lib, kriminologik tadqiqotlar sohasidagi mustaqil ilmiy-tadqiqot muassasa hisoblanadi.
Institut faoliyati Quyi Saksoniya Fan va madaniyat vazirligi tomonidan moliyalashtirilib, yillik moliyalashtirish hajmi 1,5 million yevroni tashkil etadi. Institutning tashkiliy tuzilmasi boshliqlar kengashi, g‘ayriijtimoiy xulq-atvor omillarini tadqiq qilish, viktimologiya tadqiqot, ijtimoiy nazorat institutlarini tadqiq qilish shu’balari, metodik ta’minlash bo‘limi va ma’muriyatdan iborat.
Institutda tadqiqotlar fanlararo yondashuv tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, institut ilmiy xodimlari kriminologiya, sosiologiya, psixologiya, huquq va siyosatshunoslik fanlari mutaxassislari bo‘lib, ilmiy tadqiqotlarni bajarishda ushbu sohalardagi bilimlar kompleks qo‘llaniladi.
Tashrif yakunida O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti va Quyi Saksoniya Kriminologiya tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandumni ishlab chiqish va kelgusida yaqin ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122306 | Инструменты