Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Olgan Bekarni qabul qildi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda tibbiyot sohasidagi hamkorlik natijalari va kelgusi rejalar xususida atroflicha fikr almashildi.
Taʼkidlanganidek, Turkiya — O‘zbekiston uchun yaqin do‘st, ishonchli hamkor. Xalqlarimiz o‘rtasida qardoshlik rishtalari tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, so‘nggi yillarda ikki tomonlama aloqalar jadal surʼatda davom etmoqda.
Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 6 iyun kuni Turkiyaga rasmiy tashrifi o‘zaro hamkorlikni yana-da kengaytirish, ayniqsa, tibbiyot yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirishda yangi sahifa ochdi.
Qayd etish kerak, bugungi kunda ikki davlat Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida davolash muassasalarini qurish, tibbiy taʼlim va menejmentni rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish kabi qator yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilyapti.
Xususan, ayni paytda Buxoro davlat tibbiyot instituti negizida Sog‘liq bilimlari universitetining tibbiyot fakulteti faoliyat ko‘rsatmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tgan yili ochilgan Hamshiralar akademiyasida Sog‘liq bilimlari universitetining “Hamshiralik ishi” fakulteti ish boshladi.
Shuningdek, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) ko‘magida joylarda bemorlar uchun tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, ularda murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilayotgani va yurtimizning turli hududlaridagi tug‘uruq komplekslari zarur jihozlar bilan taʼminlangani o‘zaro munosabatlarning yana bir muhim yo‘nalishidir.
Suhbat chog‘ida A. Xudayarov turkiyalik yetakchi mutaxassislar ishtirokida yurtimizda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish, tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va farmatsevtika sohasini takomillashtirish bo‘yicha bir qator loyihalar rejalashtirilayotganini aytib o‘tdi.
Shuningdek, uchrashuvda tibbiy taʼlim va dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish kabi bir qancha masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muloqot yakunida elchi janoblari Turkiya tomoni O‘zbekiston bilan sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni yana-da izchil va yuqori surʼatda davom ettirishga tayyor ekanligini qayd etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122314 | Инструменты