O‘zbekistonda fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo'yiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida bir guruh deputatlar tomonidan tashabbus qilingan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi loyihasi ko‘rib chiqildi. Mazkur konsepsiya loyihasini qonun bilan tasdiqlash nazarda tutilgan.

Majlisda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda vijdon erkinligini ta’minlash sohasida tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini kafolatlashda mustahkam zamin bo‘ldi. 2017-yildan keyin fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini amalga oshirish, konfessiyalararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash bo‘yicha ishlar yangicha mazmun kasb etdi.

Davlat tarixiy, diniy, madaniy ahamiyatga ega binolarni obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etmoqda. Ziyorat turizmini sifatli tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

O‘zbekiston uchun haj kvotasi 3 barobar oshirildi, umra ziyoratiga kvotalar to‘liq bekor qilindi. Natijada Saudiya Arabistoniga qariyb 800 ming musulmonlar haj va umra ziyoratini amalga oshirish uchun borishdi.

Diniy ta’lim tizimi rivojlanishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda 4 ta oliy islom ta’lim muassasasi, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, jumladan, 2 ta ayollar madrasasi, shuningdek, pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

2018-yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. Ilmiy-amaliy yondashuv asosida islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkirlar merosini o‘rganish, diniy taassublar bilan bog‘liq xavflarning mafkuraviy asoslarini tadqiq etish maqsadida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Motrudiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat ko‘rsata boshladi.

Shu bilan birga, ijtimoiy munosabatlarga muayyan bir dinga xos qoidalarni joriy etish, ayollar va erkaklar huquqlari tengligini shubha ostiga qo‘yish, ijtimoiy axloq normalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni inkor etish, tibbiy xizmatdan, ilm-fan va madaniyat yutuqlaridan foydalanishga bo‘lgan huquqlarni cheklashga qaratilgan g‘oya va qarashlar tarqalishi holatlari uchramoqda.

Ayni paytda tashabbus qilingan hujjat bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash taklif etilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi – fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat.

Konsepsiyada belgilangan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalarining qarori bilan parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.

Konsepsiyaning qabul qilinishi va sohada yagona davlat siyosatining amalga oshirilishi fuqarolarning teng huquqliligini kafolatlaydi, dunyoviylikni turlicha talqin qilinishini hamda buzilishining oldini olishga, mamlakat aholisining, ayniqsa yoshlarning salohiyatini yuksaltirishga, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining totuvligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Konsepsiya loyihasi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi. Shuningdek, uni keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish borasida tegishli qaror qabul qilindi. Hujjat Qonunchilik palatasi rasmiy saytida e’lon qilinadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты