Huawei 1
O‘zbekistonda iqlim xatarlari sharoitida migrantlar oilalaridagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi ishga tushirildi

"Eco Expo Central Asia 2025" xalqaro ekologik ko‘rgazmasi doirasida “Migrantlar oilalaridagi ayollar salohiyatini kengaytirish va barqarorlikni oshirish: O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga gender nuqtayi nazaridan moslashuv” mavzusida parallel tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ko‘magida tashkil etildi.

Tadbirda iqlimiy moslashuvga oid siyosat va dasturlarda barqaror, inklyuziv va genderga sezgir yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligi muhokama qilindi. Ayniqsa, iqlim xavfi ostida qolgan hududlarda, oilaning asosiy boquvchisi chetga ishlashga ketgan holatlarda, yordam va qaror qabul qilish imkoniyatidan mahrum ayollar muammolariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda nutq so‘zlagan O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov quyidagilarni ta’kidladi:

“Ayollar, ayniqsa qishloq joylarda va iqlimiy jihatdan zaif hududlarda uy xo‘jaliklarining barqarorligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Ammo axborot, resurslar va qarorlar qabul qilish jarayonlariga kirish imkonisiz ularning salohiyati to‘liq ro‘yobga chiqmayapti. Ayollar faqat ishtirokchi emas, balki iqlimga oid qarorlar chiqarishda yetakchi omilga aylanishi kerak”.

Shuningdek, u XMT bilan hamkorlikda boshlangan yangi loyihaning ishga tushirilganini e’lon qildi. Loyiha sekinlik bilan kuchayib borayotgan iqlim tahdidlari mavjud bo‘lgan hududlarda migrantlar oilalaridagi ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Dastur doirasida ularni barqaror xo‘jalik yuritish usullariga o‘rgatish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, mikroqarz va moliyaviy resurslarga kirishni kengaytirish, quyosh panellari va tomchilatib sug‘orish tizimlari kabi resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish ko‘zda tutilgan.

Tadbir davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatlarida amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli tajribalar muhokama qilindi. Bu hududlarda ayollarga ta’lim, grantlar va zarur vositalar orqali tabiiy resurslarni boshqarish va “yashil” iqtisodiyotda faol ishtirok etish imkoniyatlari yaratilmoqda. Gender tengligi, ayollarning iqtisodiy mustaqilligi va liderlik salohiyatini oshirish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Nutq so‘zlaganlar barqaror rivojlanish va iqlim o‘zgarishiga samarali moslashuv faqat ayollarning faol ishtirokisiz imkonsiz ekanini qayd etdilar. Iqlim siyosatini ishlab chiqish, strategik rejalashtirish va mahalliy darajadagi amaliy ishlar jarayonida gender masalalarini tizimli tarzda integratsiya qilish zarurligiga alohida urg‘u qaratildi.

Sessiya yakunida iqlim o‘zgarishlari sharoitida ayollarning resurslar, imkoniyatlar va qarorlar qabul qilish mexanizmlariga teng kirishini ta’minlaydigan tarmoqlararo va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga chaqiruv yangradi. Ayniqsa, migratsion jihatdan zaif jamoalardagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash barqarorlik va ijobiy o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi sifatida e’tirof etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82806 | Инструменты