O‘zbekistondagi yirik AES loyihasi 2 ta energoblokdan 4 tagacha kengaytirilishi mumkin — Rosatom

Avvalroq O‘zbekiston va Rossiya atom elektr stansiyasini qurishning iqtisodiy parametrlarini muhokama qilayotgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekistonda 2 GVt quvvatga ega katta AES va 110 MVt quvvatga ega kichik stansiya qurilishi rejalashtirilgan.

PXIF-2025 doirasida 20-iyun kuni Rosatom davlat korporatsiyasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zatom atom energetikasi agentligi o‘rtasida O‘zbekistonda katta quvvatli AES qurish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Unda Rosatom bosh direktori Aleksey Lixachev va O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev ishtirok etdi.

Xabarda aniqlik kiritilishicha, joriy yilning 28-aprel kuni Innoprom. Markaziy Osiyo xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasidagi Shavkat Mirziyoyev va Aleksey Lixachev o‘rtasidagi uchrashuvda O‘zbekiston katta quvvatli AES qurish imkoniyatini o‘rganish to‘g‘risida qaror qabul qilgani ma’lum bo‘ldi.

Hujjat to‘rtta energiya blokigacha kengaytirish imkoniyati bilan ikkita VVER-1000 energiya bloki qurilishini amalga oshirishning asosiy shartlarini nazarda tutadi. Loyiha Rossiya texnologiyalariga asoslangan bo‘lib, ular Rossiyada va Xitoy (Tyanvan AES) va Hindistondagi (Kudankulam AES) xorijiy obyektlarda qo‘llaniladi.

“Bugun biz hamkorligimiz ko‘lamini kengaytirmoqdamiz: Jizzax viloyatida kichik quvvatli AES qurishni davom ettirib, VVER-1000 reaktorli AES loyihasini amalga oshirish uchun muhim qadam qo‘ymoqdamiz. Kichik va katta quvvatli atom stansiyalarini birlashtirish O‘zbekistonda qudratli “uglerodsiz energiya klasteri"ni shakllantirishga va mamlakatning elektr energiyasiga o‘sib borayotgan ehtiyojlarni qondirish imkonini beradi”, — dedi Aleksey Lixachev.

Uning qayd etishicha, Rosatom Jizzaxda kichik AESni qurishda faol harakat qilmoqda, birinchi blok uchun reaktor uskunalarini ishlab chiqarishni boshladi.

Aleksey Lixachev yirik AES qurilishi loyihasini ishlab chiqish bugun Rosatom va O‘zatom kelishib olgan “bir nechta masalalarni” hal qilishni talab etishini ta’kidladi.

“Kichik elektr stansiyasidan olinadigan daromad katta gigavattli quvvatlarni qurishning yakuniy bosqichida kapital xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi. Bu investitsiya resurslari va zarur kapital qo‘yilmalarni qisqartiradigan pul oqimi bo‘ladi”, — dedi u.

Rosatom rahbari katta AES loyihasining qiymati haqidagi savolga kichik va katta AESni yagona maydonda birlashtirish orqali loyihani optimallashtirish kapital xarajatlarni kamida 10% gacha kamaytirishini aytdi. “Agar bunga katta quvvatli AES qurilishi rasman yakunlanishidan oldin davom etadigan generatsiyani ham qo‘shsak, ta’sir yanada sezilarli bo‘lishi mumkin”, — deya xulosa qildi Lixachev.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22121 | Инструменты