O‘zbekistondan Afg‘onistonga sara urug‘lar yetkazib berildi

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi agrar hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash borasidagi siyosati asosida, Afg‘onistonga beg‘araz ravishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berildi.

Yaqinda Afg‘oniston Islom Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vaziri boshchiligidagi rasmiy delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mehmonlar Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi agrar korxonalar, agroklasterlar va ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ular qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, hosildor urug‘chilik, zamonaviy sug‘orish texnologiyalari hamda qayta ishlash sanoati yo‘nalishlarida erishilgan yutuqlar bilan tanishtirildi.

Hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Afg‘oniston fermerlari va agrar tuzilmalariga beg‘araz yordam tariqasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berildi. Jumladan, ob-havo sharoitlariga chidamli, sertifikatlangan 5 tonna chigit (200 gektar yer maydoni uchun), 20 tonna sholi (100 gektar maydon uchun), 500 kilogramm mosh (25 gektar uchun), shuningdek, 187 kilogramm sabzavot urug‘lari va 600 kilogramm poliz ekinlarining saralangan, yuqori sifatli urug‘lari topshirildi.

Mazkur amaliy yordam Afg‘onistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq aholisi bandligini oshirish hamda agrar sohada innovatsiyalarni joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston – Afg‘oniston o‘rtasidagi agrar hamkorlik bugungi kunda mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qilmoqda. Bu esa qo‘shnichilik tamoyillari va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan munosabatlarning amaliy ifodasidir.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21716 | Инструменты