Butun hayoti va mehnat faoliyatini mamlakatimiz ta’lim sohasi taraqqiyotiga bag‘ishlagan fidoyi ustoz, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, oliy ta’lim a’lochisi Karim Oybekovich Egamqulov shu yil 14-fevral kuni 87 yoshida vafot etdi.
Karim Egamqulov 1939-yil 5-mayda Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida tug‘ildi. 1964-yilda Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti)ni tugatib, shu dargohda katta laborant bo‘lib ish boshladi. So‘ngra ushbu institut aspiranturasida tahsil oldi va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1969–1972-yillarda Sirdaryo viloyati “Bilim” jamiyati mas’ul kotibi sifatida ishlab, xalqimizga ziyo va ma’rifat ulashishga munosib hissa qo‘shdi.
1972–1975-yillarda Sirdaryo davlat pedagogika instituti prorektori vazifasida samarali faoliyat yuritib, o‘zining yetakchilik salohiyatini, tashkilotchilik va tashabbuskorlik fazilatlarini namoyon etdi.
1975–1987-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutining Yangiyer filiali direktori lavozimida xizmat qilib, respublikamizda soha uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash ishlarida fidoyilik ko‘rsatib mehnat qildi.
Karim Egamqulov ilmni amaliyot bilan bog‘lab, xususan, qishloq va suv xo‘jaligi ta’limini va amaliyotini rivojlantirish borasida o‘ziga xos tajriba maktabini yaratdi.
Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi sohasiga oid 20 dan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va darsliklar muallifi sifatida tanildi.
Tajribali va ilg‘or pedagog Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutining malaka oshirish fakulteti dekani, tuproqshunoslik kafedrasi mudiri, Sirdaryo viloyati hisobchilarni qayta tayyorlash o‘quv markazi direktori vazifalarida ham samarali mehnat qilib, respublikamiz irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi sohasi vakillarining amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan tanishtirish ishlarini samarali tashkil etdi.
So‘nggi yillarda ulug‘ yoshda bo‘lishiga qaramasdan, fidoyi jamoatchi, katta hayot tajribasiga ega oqsoqol sifatida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, qishloq va mahallalarni obod etish, aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ezgu ishlar samarasini targ‘ib qilib keldi. O‘zining dono maslahatlari bilan yoshlarimizni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ishlarga bosh-qosh bo‘ldi.
Yuksak salohiyatli olim, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin inson Karim Egamqulovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21718 | Инструменты