Otabek Akbarov 5 yildan ortiq vaqt davomida Italiyadagi diplomatik missiyani, Gresiyada esa yarim stavkali missiyani boshqargan.
Rimda Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o‘rinbosari Edmondo Chiriyelli va O‘zbekiston elchisi Otabek Akbarov o‘rtasida diplomatik missiyasi yakunlangani munosabati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Edmondo Chiriyelli diplomatik missiya rahbarining besh yillik faoliyatini ijobiy baholadi va Italiya Tashqi ishlar vazirligi nomidan ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish, ularga ko‘p qirrali va barqaror xarakter bag‘ishlash borasidagi sa’y-harakatlar uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekistonning 2 ta faxriy konsulligi Florensiya va Milanda tashkil etilgan, Italiyaning boshqa mintaqalarida ham faxriy konsulliklar tashkil etish rejalashtirilgan.
Ayni paytda Italiya bilan amalga oshirilayotgan va ishlab chiqilayotgan loyihalar paketi 9 milliard yevrodan oshadi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston viloyatlari bilan Italiya hududlari o‘rtasida, xususan, Lombardiya, Toskana, Veneto, Umbriya, Kampaniya, Marche, Abrusso va Emiliya-Romanya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar faollashdi.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yil avgust oyida Italiyaga elchi etib tayinlangan Otabek Akbarov bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonning Gresiyadagi elchisi hamda respublikaning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) va Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) dagi doimiy vakili sifatida ham faoliyat yuritgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11523 | Инструменты