Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva Jeneva shahrida XMTning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha byurosi mintaqaviy direktori Beate Andreyes bilan muzokara o‘tkazdi.
O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, jumladan, mamlakatimizda munosib mehnat sharoitlarini tizimli ravishda yaratish borasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat chog‘ida munosib mehnat va ijtimoiy himoya tamoyillarini joriy etish, norasmiy bandlikka qarshi kurashish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini asosiy daromad bilan taʼminlash, o‘zini-o‘zi band qilish standartlarini joriy etish kabi hamkorlik yo‘nalishlariga eʼtibor qaratildi.
XMTning mamlakatimiz, umuman Markaziy Osiyodagi ishtirokini kengaytirish, konstruktiv muloqot izchilligini taʼminlash maqsadida Toshkent shahrida XMTning xalqaro koordinatori lavozimi tashkil etilgani maʼlum qilindi. Bu, o‘z navbatida, mehnat munosabatlari sohasida O‘zbekistonning ilg‘or tajribasini mintaqada ham joriy etish imkonini berishi taʼkidlandi.
Shu bilan birga kelgusida Toshkentda XMTning Markaziy Osiyoning barcha davlatlari uchun submintaqaviy vakolatxonasini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida XMTning yuqori malakali mutaxassislarini jalb qilgan holda hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarni faollashtirishga kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110709 | Инструменты