Huawei 1
O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Abat Fayzullayev Italiya Prezidenti Serjo Mattarellaga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Abat Fayzullayev Italiya Prezidenti Serjo Mattarellaga ishonch yorliqlarini topshirdi. Tantanali marosim Italiya Prezidentining Rim shahridagi rasmiy qarorgohi – «Kvirinale» saroyida bo‘lib o‘tdi.

Bo‘lib o‘tgan suhbat davomida Serjo Mattarella joriy yilning 9-11 noyabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifini yodga oldi va tashrif unda unutilmas taassurotlar qoldirganini qayd etdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida strategik muloqotni ilgari surishning yuksak ahamiyati tasdiqlandi, O‘zbekiston va Italiyaning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligi istiqbollaridan samarali foydalanishdan ikki tomon ham manfaatdorligi ta’kidlandi.

Suhbat yakunida Italiya Prezidenti O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi hamda u ziyorat qilgan Samarqand va Xiva shaharlaridagi qadimiy obidalar jozibasini alohida qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, Abat Fayzullayev joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi etib tayinlandi. U 2020-2023 yillarda O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi bo‘lib ishlagan, shuningdek, Vengriyadagi o‘rindoshlik asosida elchisi bo‘lgan. Bir vaqtning o‘zida, O‘zbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Venadagi boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili lavozimida faoliyat olib borgan.

Abat Fayzullayev 2018-2023 yillarda Rimdagi diplomatik vakolatxonamizga rahbarlik qilgan Otabek Akbarov o‘rniga tayinlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72716 | Инструменты