Huawei 1
Ombudsman to‘g‘risidagi qonun yangi tahrirda qabul qilindi

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Mazkur qonun yangilangan Konstitutsiyaga mos ravishda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni to‘laqonli taʼminlash va kuchaytirishni nazarda tutuvchi bir qator o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan.

Xususan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oliy Majlis palatalariga va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus maʼruzalar taqdim etishi belgilanmoqda.

Qonun bilan Ombudsmanning qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi joriy etilmoqda.

Shuningdek, Ombudsman va uning o‘rinbosari vakolatlari, daxlsizligining qo‘shimcha kafolatlari ham joriy etilib, ularga yuklatilgan vazifalarning muammosiz va samarali bajarilishi qonunda mustahkamlanmoqda.

Qonunda saylanish kuni o‘ttiz yoshga to‘lgan, kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Ombudsman lavozimiga saylanishi mumkinligini nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qonunda jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududida “Ombudsman qutisi” tushunchasi kiritilib, unga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning murojaat qilishning huquqiy mexanizmi belgilanmoqda.

Ushbu qonunning qabul qilinishi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) institutining mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyatini yana-da oshirib, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtiradi.

Uning inson huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash borasidagi vakolatlari kengayishiga va hududiy vakilliklari faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102314 | Инструменты