Huawei 1
Qonun ipakchilik sohasi rivoji uchun huquqiy poydevor bo‘ladi

Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Coliq kodeksining 483-moddasiga ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda ipakchilik sohasini yana-da rivojlantirish, tutzorlarni tashkil etish va ipak qurtini boqish orqali aholi bandligini taʼminlash hamda daromadlarini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qishloq joylarda aholi bandligini taʼminlashda muhim tarmoqlardan biri hisoblangan pillachilikda izchil islohotlar amalga oshirilib, bugungi kunda respublikamizda pillani qayta ishlash, ipak qurti urug‘chiligi va tutchilik xo‘jaliklarining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, shuningdek, sohada 108 ming doimiy va 1 milliondan ortiq mavsumiy ishchilarning bandligi taʼminlanmoqda.

Soliq kodeksining 483-moddasiga 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda jismoniy shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtirish (kasanachilik) faoliyatidan olingan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.

Qonunga ko‘ra pilla yetishtiruvchi yuridik shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtiruvchi kasanachilar mehnatiga haq to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘lari hamda bo‘shagan mablag‘larni kasanachilarni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirish sharti bilan ijtimoiy soliqdan ozod qilinadi.

Qonunda pilla yetishtirish sohasida ozuqa bazasi sifatida foydalaniladigan tutzorlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalari uchun yer solig‘i xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari belgilagan soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyent qo‘llanilgan holda hisoblab chiqarilishi belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi ipakchilik tarmog‘ini yana-da rivojlantirish, sohada ishlab chiqarish hajmi, tayyor mahsulot ulushi hamda eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102314 | Инструменты