Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi bilan Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirib, uning inson huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash borasidagi vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan mutlaqo yangi huquq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, shuningdek Vazirlar Mahkamasiga “maxsus ma’ruza” taqdim etish huquqi belgilab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarilishi yuzasidan “muqobil ma’ruza” tayyorlashi hamda tegishli halqaro tashkilotlarga taqdim etish mumkinligi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, Ombudsman lavozimiga nomzodga qo‘yiladigan talablar soddalashtirilib, ayrim talablar (yuksak axloqiy sifatlarga, oliy ma’lumotga, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida zarur tajribaga ega bo‘lgan) bekor qilinmoqda. Qolaversa, Ombudsman ta’sir choralarining turlariga aniqlik kiritilgan holda, (ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnoma) alohida bobda, har bir ta’sir chorasi alohida-alohida moddada aks ettirilyapti.
Majlisda mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan ishchi guruh a’zolari, huquqshunoslar, deputatlar ishtirokida bir qator yig‘ilishlar, seminarlar o‘tkazilgani qayd etildi. Ularda berilgan takliflar chuqur tahlil qilingani, ularning salmoqli qismi loyiha matnida aks ettirilgani va qonun loyihasi har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilgani ta’kidlandi.
Qonun loyihasi bilan Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) institutining inson huquqlari bo‘yicha milliy institut sifatidagi ahamiyati oshirilib, sohaga oid huquqlari yanada kengaytirilmoqda. Xususan, Ombudsman faoliyatida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorligi aniqlashtirilmoqda.
Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) institutining inson huquqlari bo‘yicha milliy institut sifatidagi ahamiyatining oshishiga, uning huquqlari kengaytirilishiga va majburiyatlari aniqlashtirilishiga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100722 | Инструменты