Huawei 1
O'zbekiston delegatsiyasi Istanbul shahrida bo'lib o'tgan 28-Yevroosiyo iqtisodiy sammitida ishtirok etdi

"Taraqqiyot strategiyasi" markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Turkiyaning "Marmara grup" strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamg'armasi tomonidan Istanbul shahrida tashkil etilgan 28-Yevroosiyo iqtisodiy sammitida ishtirok etdi

Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida mazkur anjumanda O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Ravshan Fazilov va davlatimiz rahbari huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o'rinbosari Baxtiyor Mustafoyev faol qatnashdi.

"Ko'proq insonparvarlikka asoslangan dunyo – yashashga arzigulik dunyo uchun muloqot" shiori ostida bo'lib o'tgan xalqaro sammitda, shuningdek, 50 ga yaqin mamlakatdan 300 dan ortiq siyosatchilar, diplomatlar, olimlar, din arboblari, ishbilarmonlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, akademik doira va tahlil markazlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Sammitning tantanali ochilish qismida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning tadbir ishtirokchilariga yo'llagan tabriklari o'qib eshittirildi.

Anjuman doirasida bo'lib o'tgan "Ekologiya, iqtisodiyot, energetika, sun'iy intellekt va sog'lom turmush" mavzusidagi sessiyasida mamlakatimiiz delegatsiyasi rahbari Eldor Tulyakov O'zbekistonning iqtisodiy va investitsiya salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ushbu yo'nalishda belgilangan maqsadlar to'g'risida ma'ruza qildi.

U o'z nutqida mamlakatimizning savdo, investitsiyalar va innovatsiyalar bo'yicha faol mintaqaviy markaz sifatidagi o'rni hamda serqirra investitsion muhitini namoyish etish orqali mintaqa va jahon miqyosida kengayib borayotgan roliga alohida e'tibor qaratdi.

Shuningdek, sammitda ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar va tahlil markazlari o'rtasida yangi hamkorlik qirralarini rivojlantirishga qaratilgan hamda dolzarb mavzularga bag'ishlangan sessiyalar, shuningdek, o'zaro manfaatli, amaliy natijalarga boy qator uchrashuvlar va muloqotlar bo'lib o'tdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 81520 | Инструменты