Joriy yilning 21-may kuni Venada BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo'yicha komissiyasining 34-sessiyasi doirasida "Mojarolar hududidan kelgan repatriantlarni samarali reabilitatsiya va a reintegratsiya qilish: Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi" mavzusida tadbir bo'lib o'tdi.
Tadbir BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi tomonidan Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekiston vakillari ishtirokida tashkil etildi.
O'zbekiston delegatsiyasiga davlatimiz rahbari huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining o'rinbosari Shafoat Nurullayeva boshchilik qildi.
Muhokamalar chog'ida O'zbekiston tomoni fuqarolarni, ayniqsa, ayollar va bolalarni mojaro zonalaridan qaytarish va moslashtirish bo'yicha mamlakatimiz tajribasini taqdim etdi. Mamlakatimizda repatriantlarni psixologik, ijtimoiy va huquqiy qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar, bu jarayondagi fuqarolik jamiyatining o'rni alohida qayd etildi.
Ishtirokchilar O'zbekistonning mintaqaviy, jumladan, BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi bilan hamkorligini yanada mustahkamlash borasidagi faoliyati, shuningdek, radikallashuv va terrorizmga qarshi kurashdagi faol pozitsiyasiga alohida e'tibor qaratdilar.
Tadbir yakunida O'zbekistonning BMT tashabbuslarini ilgari surishdagi qo'shayotgan konstruktiv hissasi qayd etilib, tomonlarning hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanligi tasdiqlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52521 | Инструменты