O'zbekistonning JSTga qo'shilishi bo'yicha ishchi guruhning 7-yig'ilishi o'tkazildi. Bu haqda "Uzreport" jurnalisti Dilafruz Kulmatova Jenevadan xabar berdi.
Ishchi guruh yig‘ilishidan avval O‘zbekistonning JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya vakillari, O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi bo‘yicha ishchi guruh raisi, Koreyalik elchi Seong deok YUN va JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha bo‘linmasi direktori Maika Oshikawa ishtirokida uch tomonlama dastlabki uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda yig‘ilishning asosiy kun tartibi kelishib olindi.
"Ishchi guruhning oltinchi yig‘ilishidan so‘ng biz o‘z yondashuvlarimizni tubdan o‘zgartirdik. Endilikda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshiryapmiz. Buning uchun qator institusional o‘zgarishlar qilindi. Birinchidan biz ham Idoralararo komissiya, ham Muzokaralar bo‘yicha guruh vakolatini mustahkamladik. Xususan, Idoralararo komissiyaga JST talablariga mos keluvchi qarorlar qabul qilish bo‘yicha mutlaq vakolat berildi", - deya ta‘kidladi Jamshid Xo‘jayev
Ishchi guruhning 7-yig‘ilishiga O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha delegatsiyasi yangi shijoat bilan qaytdi. Buni yangilangan fundamental hujjatlar to‘plamining ko‘lamidan ko‘rish mumkin. Xususan, yozda taqdim etilgan O‘zbekiston o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘lgan 10 ta majburiyat loyihasidan tashqari, 19 ta loyihadan iborat ro‘yxat o‘qib eshittirildi.
"Bu qo‘shimcha majburiyatlar shunchaki baho olish uchun emas, balki JSTning asosiy intizomiy talablari bo‘yicha rivojlanish jarayonini ta’minlaydi. Tashkilotga a’zo bo‘lish jarayoniga yaqinda 30 yil to‘lishini hisobga olganda, bu ayni qulay vaqtda yuz beryapti deb o‘ylayman", - deydi Jamshid Xo‘jayev.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘lida qilingan ishlar qatorida quyidagilar ham sanab o‘tildi. Jumladan, JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni olib borish va muvofiqlashtirish uchun yagona mandatga ega bo‘lgan Prezidentning JST ishlari bo‘yicha maxsus vakili idorasi tashkil etildi. Unga Azizbek Urunov bosh muzokarachi etib tayinlandi. Bundan tashqari, 20 ta vazirlik va idoralarda JSTning ixtisoslashtirilgan bo‘linmalari tashkil etildi.
2023 yil 1 iyuldan boshlab JST standartlariga mos kelmaydigan qonunchilikni ishlab chiqish taqiqlana boshladi. Shuningdek 17 turdagi monopoliyani bekor qilish ko‘zda tutilgan.
"Ishchi guruhga taqdim etilgan hujjatlardan tashqari, tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan ilgari ko‘tarilmagan, ammo tashkilotga qo‘shilishimizning ajralmas qismi bo‘lgan sohalar bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirdik. Jumladan, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga intellektual mulk obyektlariga patentlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va sotib olish uchun rezident va norezident yuridik shaxslar uchun davlat boji stavkalarini milliy rejim tamoyiliga muvofiq unifikatsiya qilishga ruxsat beruvchi o‘zgartishlar kiritildi. Davlatning mutlaq huquqlarini hurmat qilish maqsadida iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida, jumladan, elektr energiyasi, tabiiy gaz, temir yo‘l, fuqaro aviatsiyasi, aeroport xizmatlari, avtomobil yo‘llari va telekommunikatsiya sohalarida mustaqil bozor regulyatorlarini bosqichma-bosqich joriy etdik", - deydi Jamshid Xo‘jayev.
Shu o‘rinda O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lish yo‘lidagi harakatlari tarixi haqida biroz to‘xtalsak. Aslini olganda JSTga a’zolik bo‘yicha rasman dastlabki ariza O‘zbekiston tomonidan 1994 yilda topshirilgan. Ba’zi bir sabablarga ko‘ra, ushbu jarayon 2005 yilda muzlatilgan bo‘lib, a’zolikka oid harakatlar 2020 yilda yana faollashadi. So‘ngi uch yil ichida mamlakatimiz tashkilotga a’zo bo‘lish borasidagi sa’y-harakatlarini yanada kuchaytiradi. Shu yilning mart oyida ishchi guruhning 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, ya’ni 8 oydan so‘ng O‘zbekiston tomoni navbatdagi 7-yig‘ilishni o‘tkazishga bel bog‘laydi va uni shu kunlarda amalga oshirmoqda. E’tiborlisi bir yilning o‘zida ishchi guruhning ikkita yig‘ilishini o‘tkazishga muvaffaq bo‘lish kamdan-kam uchraydi.
Bugungi kunda O‘zbekiston tomoni 30 ta davlat bilan faol muzokaralarni olib bormoqda. Shulardan 8 tasi bilan tovar va xizmatlar bozoriga kirish bo‘yicha barcha shartlar kelishib olingan. Misol uchun avvalgi dasturlarimizda xabar berganimizdek, ishchi guruhning 7-yig‘ilishi maydonida shuningdek O‘zbekiston tashkilotga a’zolik bo‘yicha uch davlat bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida bayonnomalarni imzoladi. Bular Turkiya, Mo‘g‘uliston va Saudiya Arabistoni davlatlaridir. Shu tariqa, O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish bo‘yicha yakuniy kelishuv imzolagan davlatlari soni beshtaga yetdi. Eslatib o‘tamiz, unga qadar shu yil boshida Gruziya va Nigeriya bilan xuddi shunday bayonnoma imzolangan edi. Yana ikkita davlat, ya’ni Shri-Lanka va Yaponiya bilan muzokaralar yakunlangan va bu bo‘yicha bayonnoma imzolanishi rejalashtirilmoqda.
Uzoq davom etgan ishchi guruh yig‘ilishining yakunlari bo‘yicha o‘z mulohazalari bilan bo‘lishar ekan, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi bo‘yicha ishchi guruh raisi Seong Deok Yun uchrashuvni muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi.
Shu o‘rinda haqli savol paydo bo‘ladi: O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi mamlakatga nima beradi?
Mutaxassislarning fikricha va umuman tajriba shuni ko‘rsatyaptiki, bu jarayon Xalqaro savdo tizimi va jahon iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli integratsiyada katta ahamiyatga ega. Birinchi navbatda tashqi savdoda tayyor mahsulot eksportini ko‘paytirishda keng imkoniyatlar ochadi. Bir tomondan, import qiluvchi mamlakatlarda O‘zbekiston mahsulotlariga bo‘lgan ishonchni kuchaytirib, milliy tovarlar eksportining o‘sishiga ta’sir qilsa, ikkinchi tomondan respublikamizga faqat yuqori sifatli va xavfsiz import qilingan mahsulotlar kirib kelishini ta’minlaydi va iqtisodiyotning ko‘plab sohalarini rivojlantiradi. Jahon savdo tashkilotiga a’zolik yoki tashkilotga a’zo bo‘lishga intilish savdo hamkorlar va investorlarga mamlakatning ochiq iqtisodiyot tarafdorligini ko‘rsatadi. Bu esa o‘z-o‘zidan xorijiy investisilar oqimini oshiradi, texnologik nou-xaularni olib keladi, ishlab chiqarish hajmlarini oshiradi.
Aytish joizki, O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilishi bo‘yicha ishchi guruhning 7-yig‘ilishi doirasida yana bir qator uchrashuvlar tashkil etildi. jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, JST bilan ishlash idoralararo komissiya raisi Jamshid Xo‘jayev tashrif davomida Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122315 | Инструменты