Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz ijtimoiy sohaga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Joriy yilda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti ulushini 35 foizga yetkazish, texnikumlardagi 6 ming bitiruvchining bandligini taʼminlash, texnikum va oliygohlarning 7 ming talabasini dual taʼlimga qamrab olish, oliy taʼlimning muhandislik, tibbiyot, iqtisodiyot, agrar yo‘nalishidagi 7 ta taʼlim dasturini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
Urganch shahridagi tibbiyot oliygohida yiliga 1 ming 600 nafar vrach tayyorlanadi, 500 ta xususiy klinika faoliyat yuritayapti. Lekin, servisdagi tibbiy xizmatlar ulushi 2 foizga ham yetmaydi.
Shu munosabat bilan yil yakunigacha Shovot va Yangiariqda sog‘lomlashtirish xizmatlarini tashkil qilish topshirildi.
Urganch tumanidagi Adolat, Qo‘shko‘pirdagi Iftixor, Hazoraspdagi Yangibozor mahallalaridagi maktablar ikkidan yuqori koeffitsiyentda faoliyat yuritayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga bu yerda xususiy maktab ochish yoki qo‘shimcha bino qurish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Bu yili viloyatdagi 359 ta bog‘chani suv isitish tizimi geliokollektorlar bilan jihozlanishi, 420 ta ijtimoiy obyektdagi mingdan ortiq eskirgan isitish qozonlari yangilanishi belgilandi.
“Xorazm ahli hurmatini qozongan mashhur ayol rahbarlardan biri bo‘lgan Shakarjon Xo‘janiyozova 8 yil oldin olamdan o‘tgan edi. Men Shakarjon opani ko‘p yillardan buyon juda yaxshi bilar edim. Har safar Xorazmga kelganimda samimiy muloqot qilardik.
U inson el-yurt tashvishi, o‘z kasbiga sadoqat bilan yashadilar. Halol va fidokorona mehnatdan bir daqiqa ham to‘xtamadilar”, - dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari shu yil 12 iyun kuni Shakarjon Xo‘janiyozovaning 70 yillik yubileyini Xorazm viloyatida keng nishonlashni taklif etdi.
Bog‘otdagi ko‘chalardan biriga va o‘zi asos solgan badiiy gimnastika maktabiga Shakarjon Xo‘janiyozova nomi beriladi.
Viloyatdagi faol xotin-qizlar o‘rtasida Xo‘janiyozova nomidagi rahbar ayollar tanlovi o‘tkaziladi. Jasoratli va mehnatkash ayol sifatida Shakarjon Xo‘janiyozovaning hayoti keng yoritiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты