Huawei 1
Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi politexnikumda bo‘ldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi politexnikumda bo‘ldi.

Mamlakatimizda eng asosiy masalalardan biri - bandlik. Aholiga talab yuqori kasblarni o‘rgatish maqsadida texnikumlar tarmog‘i rivojlantirilmoqda.

Bugungi kunda Navoiy viloyatida 25 ta professional ta’lim muassasasi bor. Ularda 12 ming fuqaro o‘qimoqda. Ularga malakali pedagoglar, 234 nafar ishlab chiqarish ustalari biriktirilgan.

2-son politexnikumda 41 ta o‘quv va laboratoriya xonasi, 350 o‘rinli faollar va sport zallari, 100 o‘rinli yotoqxona va oshxona mavjud. Maktab bitiruvchilari va turli yoshdagi fuqarolar uchun kunduzgi, sirtqi, kechki va dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.

Kasblarni amaliyot bilan bog‘lashda viloyatdagi yirik sanoat korxonalari katta o‘rin tutmoqda.
Masalan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati o‘zi uchun zarur payvandlovchi va chilangar, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati kimyoviy texnologiya laboranti, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi elektr montajchi kasblariga yoshlarni maqsadli tayyorlaydi. Buning uchun sanoat korxonalari texnikumda o‘z bo‘limlarini ochgan. O‘quvchilar bir vaqtning o‘zida ham kasb o‘rganadi va bajargan ishiga yarasha maosh oladi.

Mahallalar bilan birgalikda ishsiz fuqarolar, malakasi yetarli bo‘lmaganlar, ishlash istagidagi ayollar ham o‘qishga jalb etilmoqda. Kasblarni yaxshi egallaganlar shu korxonalarga ishga olinadi.

Prezident bu yerda o‘qiyotgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

- Sizlarda ishonch va intilish paydo bo‘lganidan xursandman. Kasbni mahkam tutib, hayotda o‘z o‘rningizni toping. Mehnatingizdan baxt topishingiz uchun sizlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, “Mengi tekstil grup” va “Navbahor Qorajon” tekstil korxonalari bilan dual va qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilgan. Xotin-qizlar yetarli ko‘nikmaga ega bo‘lgach, tikuvchilik sexlariga ishga qabul qilinadi.

Duradgorlik ustaxonasida o‘quvchilar yasayotgan eshik, stol-stul kabi jihozlar viloyatda ancha xaridorgir. Ular ta’lim olish bilan bir vaqtning o‘zida ishlab, oilalariga ko‘makchi bo‘lishmoqda.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘l mehnati bilan milliy hunarmandchilik buyumlarini yasashga o‘rgatish o‘quv kurslari ham bor.

Bu yerda, shuningdek, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalari tomonidan soha xodimlarining malakasini oshirish o‘quv markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Qayd etish lozimki, Navoiy viloyatidagi ta’lim muassasalari bilan 51 ta korxona o‘rtasida shartnoma imzolangan. Yil boshidan buyon mingdan ziyod ishsiz fuqaro o‘qitilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110603 | Инструменты