Huawei 1
Prezident: “Yangi O'zbekiston” va “Uchinchi Renessans” so'zlari hayotimizda o'zaro uyg'un va hamohang bo'lib yangramoqda

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi O'zbekiston” gazetasi bosh muharriri savollariga javob berdi.

Savol. Muhtaram Prezident, avvalo, gazetamiz uchun intervyu berishga rozilik bildirganingiz uchun Sizga minnatdorlik izhor etamiz.

Ma'lumki, keyingi besh yil davomida mamlakatimizda keng miqyosdagi demokratik o'zgarishlar amalga oshirilmoqda. “Yangi O'zbekiston” degan tushuncha real voqelikka aylanmoqda. Siz davlat boshlig'i, ana shu ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning tashabbuskori va ularning markazida turgan islohotchi rahbar sifatida bu yangilanishlarning mazmun-mohiyatini birinchi navbatda nimalarda ko'rasiz?

Javob. Avvalo shuni aytish kerakki, o'z yurtida ozod va erkin hayot, adolatli jamiyat barpo etishdek ulkan maqsadni o'z oldiga qo'ygan har qanday xalq, har qanday millat og'ir, mashaqqatli va murakkab taraqqiyot yo'lini bosib o'tadi.

Kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan o'zbek xalqi ham 1991 yil 31 avgustda muqaddas orzusiga erishdi – jonajon Vatanimiz o'z davlat mustaqilligini qo'lga kiritdi.

Nasib etsa, yana sanoqli kunlardan keyin ana shu qutlug' sananing 30 yilligini ulkan shodiyona sifatida keng nishonlaymiz.

Bu shonli bayram oldidan mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Joylarda keng ko'lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari shiddat bilan olib borilmoqda. Jumladan, poytaxtimizga tutash 100 gektardan ortiq ulkan hududda “Yangi O'zbekiston” bog'i hamda betakror Mustaqillik majmuasi jadal sur'atlar bilan bunyod etilmoqda. Nasib etsa, bu yil eng ulug', eng aziz bayramimizni mana shu yangi maydonda o'tkazamiz.

Hech shubhasiz, istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo'lida tarixiy ishlar amalga oshirildi, mard va olijanob xalqimizning bukilmas irodasi va ulkan salohiyati bilan katta marralar zabt etildi. Tarixan qisqa muddatda mamlakatimiz Konstitutsiyasi – Asosiy qonunimiz ishlab chiqildi va qabul qilindi. Vatanimiz suveren davlat sifatida jahon hamjamiyatidan munosib o'rin egalladi. O'zbekistonda zamonaviy davlatchilik asoslari yaratilib, konstitutsiyaviy tuzumga asos solindi. Davlat hokimiyatining uchta mustaqil tarmog'i – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari qaror topdi. Tom ma'nodagi konstitutsiyaviy davlat barpo etildi.

O'zbekiston Respublikasining suvereniteti va davlat mustaqilligini, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti hamda milliy manfaatlarimizni ishonchli himoya qilishga qodir bo'lgan Qurolli Kuchlar tashkil etildi. Milliy valyutamiz – so'm joriy etildi va oltin-valyuta zaxiralarimiz shakllantirildi.

Qadimiy tariximiz, boy madaniy merosimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, o'zligimiz tiklandi.

Mana shunday unutilmas tarixiy jarayonlarda faol ishtirok etish nasib etganidan baxtiyorman.

Mustaqil taraqqiyot borasida erishgan ulkan yutuqlar bilan birga, yo'limiz ayrim xato va kamchiliklardan ham xoli bo'lmaganini ochiq aytish lozim. Mustabid tuzumdan voz kechib, demokratik jamiyat barpo etishga qaratilgan jarayonlar, murakkab va tahlikali davrning o'zi turli muammo va vazifalarni oldimizga ko'ndalang qo'ydi. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun bilim va tajribamiz, iroda va qat'iyatimiz ba'zan yetsa, ba'zida yetmagan holatlar ham bo'ldi.

Shu bois mamlakatimiz taraqqiyotini yangi, yuksak bosqichga ko'tarish, buning uchun yangi islohotlarni amalga oshirish ob'ektiv zarurat, eng muhim strategik vazifaga aylandi.

Darvoqe, “yangi” degan so'zning biz uchun alohida ahamiyati bor. Masalan, eng ko'hna bayramlarimizdan biri Navro'z – Yangi kun deb atalishini esga olaylik. Ushbu qadimiy bayram bilan bog'liq qadriyat va an'analar hayotimizga shu qadar singib ketganki, xalqimiz asrlar davomida, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy aytganlaridek, “Har tuning qadr o'lubon, har kuning bo'lsin Navro'z!” degan ezgu tilaklar, pok niyatlar bilan yashab keladi.

Yoki o'tgan asrning boshlarida yurtparvar, millatparvar bobolarimiz “jadidchilik”, ya'ni, yangilanish va erkinlik, adolat va tenglik, ilm-ma'rifat va milliy o'zlikni anglash g'oyalarini bayroq qilib, kurash maydoniga mardona chiqqanlarini barchamiz yaxshi bilamiz. Bu ulug' zotlarning maqsadi – jaholat va qoloqlik girdobida qolib kelayotgan Turkiston xalqini dunyoviy ilm-fan, ilg'or kasb-hunarlar bilan qurollantirib, umumbashariy rivojlanish yo'liga olib chiqishdan iborat edi.

Jadidlar tomonidan tashkil etilgan yangi usuldagi maktablar, teatr, kutubxona va muzeylar, gazeta va jurnallar, Turkiston farzandlarini chet ellarga o'qishga yuborish maqsadida tuzilgan xayriya jamiyatlari xalqimizni necha asrlik g'aflat uyqusidan uyg'otdi, milliy ozodlik harakati uchun beqiyos kuch berdi. Afsuski, yurtimizda bolsheviklar diktaturasi o'rnatilgani, chor mustamlakachilik siyosati yangicha shaklda davom ettirilgani ma'rifatparvar bobolarimizga o'z maqsad-muddaolarini to'liq amalga oshirish imkonini bermadi. Lekin ularning ezgu orzu-niyatlari xalqimizning qon-qonida, tarixiy xotirasida saqlanib qoldi va hanuz yashamoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz.

Shu ma'noda, bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi O'zbekiston” g'oyasi zamirida ana shunday ulug' ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uyg'onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan bo'lamiz.

Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, har qaysi xalq hayotidagi ma'naviy uyg'onish jarayonlari milliy o'zlikni anglashga olib keladi hamda mamlakatning iqtisodiy, madaniy taraqqiyotini yangi bosqichga ko'taradi. Bunday ijtimoiy noyob hodisa “Renessans” – uyg'onish, qayta tiklanish, yuksalish deb atalishi barchamizga ayon.

Ma'lumki, bugungi O'zbekiston zamini qadimda ikki buyuk uyg'onish davriga – Birinchi (ma'rifiy – IX-XII asrlar) va Ikkinchi (Temuriylar – XIV-XV asrlar) Renessansga beshik bo'lgan. Bu – jahon ilm-fanida o'z isbotini topgan va tan olingan tarixiy haqiqatdir.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim Uyg'onish jarayoni kechmoqda. Shuning uchun “Yangi O'zbekiston” va “Uchinchi Renessans” so'zlari hayotimizda o'zaro uyg'un va hamohang bo'lib yangramoqda, xalqimizni ulug' maqsadlar sari ruhlantirmoqda.

Bugungi kunda O'zbekiston demokratik o'zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Aynan mana shu jarayon men uchun islohotlarimizning eng katta natijasidir. Chunki, maqsadning aniqligi – harakatlar samarasini ta'minlaydigan eng muhim mezondir.

Agar biz bundan besh yil oldin qabul qilgan Harakatlar strategiyasining tub mazmun-mohiyatini muxtasar ifoda etadigan bo'lsak, ushbu noyob hujjatda o'z oldimizga Yangi O'zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk vazifalarni strategik maqsad qilib qo'ygan edik.

Ta'kidlash kerakki, Yangi O'zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, sub'ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo'lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy vaziyatning o'zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to'la javob beradigan ob'ektiv zaruratdir.

Yangi O'zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume'tirof etilgan norma va prinsiplarga qat'iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do'stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo'lgan davlatdir.

O'tgan tarixan qisqa davrda islohotlar tufayli erishgan natijalarimiz haqida uzoq gapirmoqchi emasman. Bu mavzuda mamlakatimiz hamda chet el ommaviy axborot vositalari orqali nufuzli davlat va siyosat arboblari, ekspert va tahlilchilarning fikrlari muntazam e'lon qilib kelinmoqda.

Bunday xolis baholar barchamizni quvontiradi. Ayni vaqtda shuni ta'kidlashni istardimki, biz bu demokratik o'zgarishlarni kimlargadir yoqish, maqtanish, turli reytinglarga kirish uchun emas, aksincha, demokratik jarayonlar o'zimizga suv bilan havodek zarur bo'lgani uchun, xalqimiz, avvalambor, yosh avlodimizning bugungi hayoti va ertangi istiqbolini o'ylab, milliy manfaatlarimiz yo'lida amalga oshirmoqdamiz.

Biz – O'zbekiston fuqarolari jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan o'zgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar, yangi imkoniyat va qadriyatlar shakllanayotganini hammadan ham ko'proq his etmoqdamiz. Ayniqsa, “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so'z erkinligi”, “din va e'tiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy ko'nikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani e'tiborlidir.

Bir haqiqatni ochiq tan olishimiz lozim: vaqt o'tishi bilan islohot jarayonlari tobora kengayib bormoqda, shiddatli zamon oldimizga yanada ulkan vazifalarni qo'ymoqda. Hayotning o'zi bizni ko'p narsaga o'rgatmoqda. Shu sababli biz doimiy izlanishdamiz. Izlanish bor joyda yutuqlar bilan birga kamchilik va nuqsonlar ham bo'lishi tabiiydir.

Eng asosiysi, “Harakatda – barakat” deganlaridek, biz eng qiyin bosqichdan o'tdik, ya'ni, yo'limizni aniq belgilab, katta ishlarni boshladik. Endi hamma gap islohotlar yo'lini qat'iyat bilan davom ettirish va mantiqiy yakuniga yetkazishda. Bu albatta oson emas, ammo biz bunga qodirmiz. Muhimi, keyingi yillarda bunday ulkan va murakkab vazifani amalga oshirish uchun yetarli siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-institutsional zamin yaratildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga