Samarali O‘zbekiston-Rossiya sammiti yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning davlat tashrifi doirasida qator qo‘shma tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
26-may kuni davlat rahbarlari birgalikda "Yangi O‘zbekiston" majmuasiga tashrif buyurdi, Rossiya rahbari Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.
27-may kuni tor va kengaytirilgan tarkibda oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi, ular davomida Prezidentlar ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qildilar, delegatsiyalar a’zolarining asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha hisobotlarini tingladilar, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti imzolandi, hukumatlararo va idoralararo hujjatlar almashildi.
Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Vladimir Putin G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, "Matonat madhiyasi" monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi va O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaga qo‘shgan hissasi haqida hikoya qiluvchi muzey bilan tanishdi.
O‘sha kuni Prezidentlar raisligida O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, unda hududlararo muloqotni yanada mustahkamlash va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, Toshkent xalqaro aeroportida Prezident Vladimir Putinni Prezident Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi. Davlat rahbarlari samimiy xayrlashdilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122301 | Инструменты