Huawei 1
Senat qo‘mitasi Xalqaro mehnat tashkilotining navbatdagi konvensiyasi ratifikatsiya qilinishini qo‘llab-quvvatladi

2024-yil 28-mart kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, masʼul vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat Kengashlari doimiy komissiyalari vakillari, ekspertlar, Yoshlar parlamenti deputatlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Majlis davomida “Xalqaro mehnat tashkilotining Ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar to‘g‘risidagi 156-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1981-yil 23-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, mazkur xalqaro konvensiya oilada majburiyatlari bo‘lgan xodimlar uchun teng imkoniyat va sharoitlarni taʼminlashga qaratilgan. Konvensiyaga qo‘shilgan mamlakatlar bunday xodimlarga nisbatan mehnat huquqlari sohasida kamsitishning oldini olish choralarini ko‘rish majburiyatini zimmasiga oladi.

Senatorlar milliy qonunchilikning Konvensiya qoidalariga muvofiqligini, uni ratifikatsiya qilishdan kutilayotgan natijalar, shuningdek, uni keyinchalik implementatsiya qilish mexanizmlarini atroflicha muhokama qildi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni yana-da takomillashtirishga, mehnat munosabatlariga oid talablarni, shu jumladan, xalqaro standartlarni samarali joriy etishga, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning ijobiy nufuzini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122509 | Инструменты