Joriy yilning 7-mart kuni davlat rahbari Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda Senat raisi boshchiligida maxsus komissiya tuzilib, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha ishlar mutlaqo yangicha yondashuvlar va tizim asosida tashkil qilinishini maʼlum qilgan edi.
Viloyat, tuman, shahar hokimlari, hokimliklarning xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda faol ayollar Komissiya bilan birgalikda joriy yilda 9 442 ta mahalladagi 580 mingga yaqin ishsiz ayollarning bandligini taʼminlashga masʼul etib belgilanishi, bir oy muddatda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinishi aytib o‘tilgandi.
Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki hamda Mikrokreditbankka zarur resurslari ajratildi, shuningdek, xorijiy grant mablag‘larini jalb qilish choralari ko‘rilmoqda.
Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirib borish Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva rahbarligidagi Komissiya zimmasiga yuklatildi.
Shu maqsadda Senat Raisi rahbarligida mutasaddi vazirlik va idoralar, tijorat banklari vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, oldidagi vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, 2024-2025 yillarda tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqish ishlari boshlandi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi respublika ishchi guruhi xotin-qizlar bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni mahalladan boshlash maqsadida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida bo‘ldi.
Dastlab tuman hokimiyatida respublika ishchi guruhi aʼzolari, viloyat va tuman masʼlullari bilan uchrashuv o‘tkazilib, vazifalar belgilandi. Aholisi 3 ming nafardan ziyodni tashkil etadigan “Qirsadaq” mahallasi namunaviy ish tashkil etish uchun tanlab olindi.
Shuningdek, ishchi guruh aʼzolari “Qirsadaq” mahallasida bo‘lib, mahalla faollari, nuroniylar, otinoyilar, mahalla yettiligi bilan uchrashuv o‘tkazdi hamda bevosita mahallada amalga oshiriladigan ishlarni kelishib oldi.
Endilikda ishchi guruh aʼzolari uyma-uy yurib, xatlov o‘tkazgan holda mahalla aholisining har biri shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini aniqlaydi hamda uning natijalaridan kelib chiqib, mahallani rivojlantirish rejasini ishlab chiqadi. Shu bilan birga ushbu jarayonda ijtimoiy-himoyaga, tibbiy, psixologik yordamga muhtoj fuqarolarga ko‘mak berish choralarini ko‘radi.
Senat Raisi “Qirsadaq” mahallasida Navro‘z bayrami arafasida tashkil etilgan umumxalq xasharida ham ishtirok etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122305 | Инструменты