Huawei 1
Shaharlarni barqaror va iqlimga mos tarzda rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlar taqdim etildi

19-iyun kuni "Eco Expo Central Asia 2025" xalqaro ekologik ko‘rgazmasi doirasida “Shaharlarning barqarorligiga kompleks yondashuv” mavzusida parallel tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) hamkorligida tashkil etildi.

Shaharlarni barqaror va iqlimga mos tarzda rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlar taqdim etildi
Tadbirda shaharlarda barqaror, inklyuziv va moslashuvchan muhitni shakllantirish maqsadida iqlimga bog‘liq va tabiiy xatarlarni shaharsozlik rejalashtirish jarayonlariga integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

Ta'kidlash joizki, iqlim o‘zgarishlari allaqachon O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda — haddan tashqari ob-havo hodisalari, qurg‘oqchilik, tuproq va suv resurslari degradatsiyasi kuchaymoqda. Urbanizatsiya sur’atlari oshib borayotgani va ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik sharoitida shaharlarda ushbu xavflarga nisbatan zaiflik darajasi ortmoqda.

Tadbirning asosiy maqsadi — shaharsozlikni barqaror va iqlimga moslashuvchan rivojlanish vositasiga aylantirishga xizmat qiluvchi innovatsion, tizimli yondashuvlarni namoyish etishdan iborat. Shuningdek, ko‘p darajali xatarlar bo‘yicha erta ogohlantirish tizimi jamoalarning zaifligini kamaytirish va o‘zgaruvchan iqlimga moslashuvchanlikni oshirishda samarali vosita ekanligi qayd etildi.

Sessiya doirasida ekspertlar shaharlar barqarorligiga integratsiyalashgan yondashuv — samarali amaliyotlar va siyosiy vositalarga to‘xtaldilar. Qolaversa, barqaror shaharsozlik tamoyillarining amalda qo‘llanilishida Namangan shahri tajribasi hamda Markaziy Osiyodagi “yashil belbog‘lar” Jarqo‘rg‘on tumani misolida taqdim etildi. Bundan tashqari, shaharsozlikni rejalashtirish va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga ham e'tibor qaratildi.

Mazkur tadbir shaharsozlik sharoitida iqlim o‘zgarishlariga moslashuvchanlikni ta’minlash, shaharlar barqarorligini oshirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62016 | Инструменты