O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-iyul kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi Raisi Chjao Letszi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Xitoy parlamenti rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidentining joriy yil yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
Ostona shahridagi SHHT sammiti doirasida o‘tgan oliy darajadagi samarali muzokaralar natijalari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirildi.
Xitoy O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish dasturini, shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va "yashil" energetika sohalarida strategik hamkorlik dasturlarini qabul qilish rejalarini qat’iy qo‘llab-quvvatlayotgani tasdiqlandi.
“Xitoy - Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhimligi qayd etildi.
Jadal hududlararo aloqalarga yuqori baho berildi. Kelgusi yilda ikkinchi Hududlar forumi o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda Xitoy oliy o‘quv yurtlarining filiallarini ochish, professional ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, Konfutsiy instituti faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi. Kelgusi yilda ikkinchi Ta’lim forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Madaniyat va turizm sohalaridagi almashinuv yuzasidan fikr almashildi.
Parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, parlament a’zolari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish va amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qonun ijodkorligi tajribasini o‘rganish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni qabul qilish nazarda tutilgani qayd etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122315 | Инструменты