Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahridagi Kongress-xoll majmuasi va zamonaviy mehmonxonalar qurilishini koʻzdan kechirdi.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni izchil oʻsmoqda. 2025-yilda bu koʻrsatkich 2016-yilga nisbatan qariyb olti barobar, turizm xizmatlari eksporti esa oʻn bir karra oshdi. Shu bilan birga, mamlakatimizda yirik xalqaro tadbirlar oʻtkazish uchun zamonaviy infratuzilmaga talab ortib bormoqda.
Majmua shaharning ana shunday tadbirlarga mezbonlik qilish imkoniyatini kengaytiradi. Kongress-xoll forumlar, oliy darajadagi uchrashuvlar va boshqa yirik anjumanlarni oʻtkazishga xizmat qiladi.
Qiymati 60 million dollar boʻlgan loyiha doirasida 14,5 ming kvadrat metr maydonli bino qurilmoqda. Hozirda asosiy betonlashtirish ishlari yakunlanib, tashqi muhandislik tarmoqlarini tortish, fasad va tom qismlarini barpo etish davom etmoqda.
Shu hududda 37 million dollarlik “Hilton Garden Inn” mehmonxonasi ham qad rostlamoqda. Yetti qavatli, 212 xonali mehmonxonada yer osti avtoturargohi koʻzda tutilgan. Binoning asosiy konstruksiyalari qurib bitkazilgan, hozir ichki devorlar, muhandislik tarmoqlari va fasad ishlari olib borilmoqda.
Yana bir loyiha – 39,6 million dollarlik “Holiday Inn” mehmonxonasi. Bu inshoot ham yetti qavatli, 212 xonali boʻladi, yonida ikki qavatli biznes markazi ham barpo etilmoqda. Mehmonxonada tom montaji va ichki devorlar qurilishi, biznes markazi yertoʻlasida esa betonlashtirishning yakuniy bosqichi ketmoqda.
Davlat rahbari obyektlardagi ishlar bilan tanishib, ular Buxoroda xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish, turizm xizmatlari koʻlamini kengaytirish uchun muhimligini, bu esa aholi daromadlarini oshirish va hudud iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi. Qurilish ishlarini belgilangan muddatda, sifat talablariga qatʼiy rioya etgan holda yakunlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110314 | Инструменты