Urbanizatsiya milliy qoʻmitasi qurilish kompaniyalari boʻyicha mojarolarga munosabat bildirdi

Soʻnggi kunlarda ayrim qurilish kompaniyalari faoliyati, uy-joyni topshirish muddatlarining buzilishi, xaridorlarga mablagʻlarning qaytarilmasligi, shuningdek, bir qator quruvchi kompaniyalar rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilishi bilan bogʻliq vaziyatlar keng jamoatchilik muhokamasiga sabab boʻlmoqda.

Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi uy-joy sotib olish uchun mablagʻ kiritgan fuqarolarning va’da qilingan xonadonlar va pullarini qaytarib olish imkoniyatisiz qolishini yoʻl qoʻyib boʻlmas, holat deb hisoblashini bildirdi.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotgan “Koʻp kvartirali uylar va boshqa koʻchmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi bilan eskrou hisobvaraqlari tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Ushbu mexanizm xaridorlar mablagʻlarini maxsus bank hisobvaraqlariga joylashtirish va ularni quruvchilarga faqat belgilangan shartlar bajarilgandan keyingina oʻtkazishni nazarda tutadi. Bu firibgarlik hamda fuqarolar mablagʻlaridan maqsadsiz foydalanish xavfini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.

Eskrou mexanizmi, shuningdek, qurilishning uzluksizligini ta’minlashni, jumladan, loyihani amalga oshirishda jiddiy muammolar yuzaga kelganda boshqa quruvchini tezkor jalb qilish imkoniyatini ham nazarda tutadi. Bu quruvchi oʻz majburiyatlarini bajara olmagan taqdirda ham qurilishning yakunlanishini ta’minlaydi.

Milliy qoʻmita xaridorlar mablagʻlarini ishonchli himoya qilish, quruvchilar tomonidan majburiyatlarning soʻzsiz bajarilishi hamda bozorning vijdonli ishtirokchilari uchun shaffof va teng sharoitlar yaratish uy-joy qurilishining asosi boʻlishi lozim, deb hisoblaydi.

Eskrou tizimini imkon qadar tezroq joriy etish bunday inqirozli vaziyatlarning oldini olish va fuqarolarning qurilayotgan uy-joylar bozoriga boʻlgan ishonchini tiklash uchun zarur qadamdir.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110310 | Инструменты