Shavkat Mirziyoyev tashrif avvalida Kogonda joylashgan Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi
Prezident bugun bunyodkorlik ishlarining borishi va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishish uchun Buxoro viloyatiga bordi.
Tashrif Kogon tumanida joylashgan Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshlandi. Bu yerda Qurʼon tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo qilindi.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband XIV asrda yashab oʻtgan buyuk alloma, tasavvufdagi naqshbandiya tariqatining asoschisidir. Uning maqbarasi atrofida asrlar davomida shakllangan meʼmoriy majmua bugun ham islom olamidagi eʼzozli ziyoratgohlardan biri hisoblanadi.
Har kuni oʻrtacha 15 mingga yaqin kishi ziyorat qilayotgan Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasi “Ipak yoʻli: Zarafshon – Qoraqum koridori” tarkibida UNESCOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.
Soʻnggi yillarda majmuaning tarixiy qiyofasini asrash va ziyoratchilarga qulaylik yaratish boʻyicha ishlar olib borildi. XV asr chizmalari asosida “Doniyolbiy otaliq” madrasasi va “Toqi miyona” darvozasi taʼmirlandi, muzey ekspozitsiyasi hamda ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.
Prezidentimiz Buxoro asrlar davomida ma’rifatli islom taraqqiyotida muhim o‘rin tutib kelganini ta’kidladi. Bu boy ma’naviy merosni chuqur o‘rganish va undan yoshlar tarbiyasida samarali foydalanish, ularni ilm-ma’rifatga undash zarurligini qayd etdi.
– Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy bobolarimiz nomi bilan bog‘liq majmualar – bularning barchasi bir maqsadga xizmat qiladi: buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini davom ettirish va yoshlarimizni shu ruhda tarbiyalash, – dedi davlatimiz rahbari.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110314 | Инструменты