Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Navoiydagi ulkan salohiyatdan viloyat hokimi, uning 8 ta o‘rinbosari, 11 ta shahar-tuman hokimi unumli foydalanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishga ulangan boshqa viloyatlar mutasaddilari ham bugungi tahlillar va topshiriqlardan aniq xulosa qilib, Navoiy misolida o‘z rejalarini tuzishi zarurligi qayd etildi.
Viloyatga 3,7 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelib, 600 ta yangi korxonani ishga tushirish, 15-20 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yildi.
Chuqur geologik tahlillar asosida yangi konlarni tayyor loyiha paketi bilan tadbirkor-investorlarga taklif qilish zarur.
Uch yil davomida yiliga 350 ming gektar yaylovga yangi texnologiya asosida urug‘ va ko‘chat ekish tashkil qilinib, 50 ming aholiga meva-sabzavot, bog‘ va chorva uchun bo‘lib beriladi. 100 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurish rejalashtirilgan.
Kambag‘allikni qisqartirish, migratsiyani yangi tizimi va 4 ta tuman tajribasi hisobidan yana 140 ming aholi bandligini taʼminlash, 16 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan.
So‘nggi yetti yilda Navoiyda 8 milliard dollarlik 6,5 mingta loyiha ishga tushib, 27 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratildi.
Viloyatdagi tadbirkorlar soni 3 karra ko‘paydi. Ularning saʼy-harakati bilan o‘tgan yetti yilda 1 milliard dollarlik eksport bo‘ldi. Bu yil ham viloyatda 2,2 milliard dollarlik 577 ta loyiha ishga tushib, 10 mingta yuqori daromadli ish o‘rni paydo bo‘ladi.
O‘tgan davrda Navoiy iqtisodiyoti to‘qqizinchi o‘rindan uchinchi o‘ringa chiqib, 82 trillion so‘mga yetdi. Bunaqasi Navoiy tarixida bo‘lmagan.
Shu bilan birga viloyat hokimligi hozirgi ko‘rsatkichlarni bir necha karra oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, viloyatda kaolin, fosforit, granit, marmar, kvars qumlari kabi xomashyo zaxiralari bo‘lgan yana 100 ta kon va uchastkalarni tadbirkorlarga taklif qilish mumkin.
Bu ishlar ko‘lamini kengaytirish uchun geologiyada yangi tizim bo‘ladi. Barcha strategik resursli konlar halqaro baholashdan o‘tadi. Buning uchun tajribali xalqaro kompaniyalar jalb qilinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122621 | Инструменты