Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida g‘alaba qozonib, terma jamoamiz hisobidagi oltin medallar sonini beshtaga yetkazgan yengil atletikachilar Elbek Sultonov, Yorqinbek Odilov va taekvondochimiz Asadbek Toshtemirov bilan telefon orqali suhbatlashdi.
Davlat rahbari o‘z nomidan va barcha yurtdoshlarimiz nomidan sportchilarni samimiy qutlab, bu zafarlar eng aziz, eng ulug‘ bayram – Mustaqillik kuniga munosib sovg‘a bo‘lganini ta’kidladi. Paralimpiyachilarimiz murosasiz bellashuvlarda ko‘rsatayotgan yuksak mahorat va metin iroda butun xalqimiz, ayniqsa yoshlarni ruhlantirayotgani qayd etildi.
Prezident yigitlarning murabbiylari va ota-onasiga minnatdorlik bildirib, kecha sovrindor bo‘lgan sportchilarimizga ham salom va tabrik so‘zlarini yo‘lladi.
Chempionlar har bir chiqishda davlat rahbari va xalqimiz qo‘llovini his etganlarini ta’kidlab, yurtimizda paralimpiya harakati rivojiga qaratilayotgan e’tibor va yaratilgan sharoitlar uchun rahmat aytdilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11516 | Инструменты