Qonunga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori oshirildi.
Endilikda bunday huquqbuzarlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 15 baravaridan 20 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 25 baravaridan 30 baravarigacha jarima qo‘llaniladi. Ilgari esa jarima miqdori fuqarolar uchun 10–15 baravar, mansabdor shaxslar uchun 20–25 baravar etib belgilangan edi.
Shuningdek, elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish uchun jarima miqdori BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha etib belgilandi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, agar shaxs mazkur harakatni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yana sodir etsa, u BHMning 30 baravaridan 75 baravarigacha jarima, 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31214 | Инструменты