16-mart kuni ipoteka subsidiyalari uchun arizalar qabuli boshlanadi

Ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabuli boshlanmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Arizalar ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lashning maqsadli ko‘rsatkichlari doirasida 16-mart kuni soat 14:00 dan boshlab qabul qilinadi.

Talabgorlar ijtimoiy mezonlar asosidagi baholashda 30 va undan yuqori ball to‘plashi hamda kredit tarixi dasturda ishtirok etuvchi kamida bitta bankning ichki talablariga mos bo‘lishi kerak.

Bunda ariza beruvchida, shu jumladan, uning turmush o‘rtog‘ining nomida mamlakat bo‘ylab mulk huquqi bilan turar joy mavjud bo‘lmasligi hamda o‘rtacha oylik daromadi belgilangan mezonlar doirasida bo‘lishi lozim.

Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki myGov mobil ilovasi hamda my.gov.uz portali orqali topshirish mumkin. Harbiy xodimlar bevosita davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish orqali ariza topshirishlari mumkin.

Ariza topshirish (baholash) davrida OneID tizimida ishtirok etuvchi banklarga kredit tarixini baholash uchun tegishli ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berilgan bo‘lishi hamda kredit tarixini olishga cheklov vaqtincha o‘rnatilmagan bo‘lishi kerak. Aks holda, kredit tarixini o‘rganish imkoniyati cheklanib, ariza rad etilishi mumkin.

Dasturda ishtirok etuvchi banklar ro‘yxati:

  • Agrobank;
  • Aloqabank;
  • Asakabank;
  • Asia Alliance Bank;
  • Biznesni rivojlantirish banki;
  • Hamkorbank;
  • Ipak Yuli Bank;
  • Ipotekabank;
  • Mikrokreditbank;
  • Orient Finans Bank;
  • Trastbank;
  • Turonbank;
  • Xalq banki;
  • O‘zmilliybank;
  • O‘zsanoatqurilishbank.

Ariza beruvchi o‘z xohishi bilan daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlarini kiritishi mumkin. Talabgor va uning yaqin qarindoshlarining o‘rtacha daromadi quyidagicha bo‘lishi kerak:

  • Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravardan 8 baravargacha (3,431 mln — 10,168 mln so‘m);
  • Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravardan 9,2 baravargacha (3,431 mln — 11,693 mln so‘m).
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31218 | Инструменты