Huawei 1
Shveysariyada O‘zbekiston CITES COP20 rasmiy logotipini taqdim etdi

3-fevral kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida CITES doimiy qo‘mitasining 78-yig‘ilishi doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan logotip taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

“COP20 logotipi O‘zbekistonning yovvoyi hayvonlarni asrab-avaylashga sodiqligi ramzi bo‘lib xizmat qiladi. Undagi har bir element mintaqamiz tabiati, madaniyati va tarixi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni aks ettiruvchi alohida ma’noga ega, — dedi tadbirning ochilishida so‘zga chiqqan Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov. — O‘zbekiston biologik xilma-xillikni saqlash bilan bog‘liq global muammolarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘lgan COP20 ga mezbonlik qilishdan faxrlanadi. Ishonchimiz komilki, bo‘lajak uchrashuv xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yovvoyi tabiatni muhofaza qilishning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi”.

Taqdim etilgan logotipda O‘zbekiston milliy tabiiy va madaniy merosining bir qancha elementlari: arxar (tog‘ qo‘ylari) tasvirlangan qadimiy petroglif, rodiola semyonova (rhodiola semenovii) dorivor o‘simligi va CITES COP20 ko‘rgazmasi o‘tkaziladigan tarixiy Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari aks etgan. Oʻrta Osiyoning togʻli hududlarida uchraydigan CITES II ilovasiga kiruvchi arxarlarning qoyatosh oʻymakorligi noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan turlarni asrab-avaylash zarurligini eslatib turadi hamda tabiat va mintaqaning tarixiy merosi oʻrtasidagi bogʻliqlikni ifodalaydi. Dorivor oʻsimlikning gullari oʻsimlik dunyosining ekotizimdagi muhim rolini va uning inson salomatligi uchun ahamiyatini taʼkidlaydi. Ayni paytda dunyoning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Samarqandning diqqatga sazovor joylari O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati va mehmondo‘stligini aks ettiradi. Shahar nafaqat uchrashuv o‘tkaziladigan joy, balki o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lib, madaniy va ekologik merosning birligi ramzidir.

Uchrashuvda nutq so‘zlagan CITES Bosh kotibi Ivonn Iguero xonim esa O‘zbekiston hukumatini muvaffaqiyatli logotip bilan tabrikladi.

“O‘zbekistonning ajoyib hayvonot dunyosi aks etgan ushbu emblema CITESning 50 yillik tabiatni muhofaza qilish merosi ruhini ajoyib tarzda aks ettiradi va COP20 dan o‘rin olgan muhokamalar va qabul qilinadigan qarorlar muhim ekanligini ifodalaydi”, — dedi CITES Bosh kotibi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston CITESning 184 ta Tomoni (183 ta davlat + Yevropa Ittifoqi) hamda yovvoyi tabiatni muhofaza qilish va savdo sohasidagi keng doiradagi manfaatdor tomonlarning uchrashuviga mezbonlik qiladigan Markaziy Osiyodagi birinchi davlatdir. "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili"da o‘tkaziladigan global tadbirga 4000 dan ortiq ishtirokchi va delegat tashrif buyurishi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20416 | Инструменты