Huawei 1
Siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotiga oid odob-axloq qoidalarini imzoladi

O'zbekistonda joriy yilning 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi kampaniyasi tobora qizg‘in pallaga kirmoqda.

Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan deputatlikka nomzodlarning hamda siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti 2024-yil 22-sentyabrdan boshlanishi belgilandi.

2024-yil 21-sentyabr kuni siyosiy partiyalar tomonidan Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan saylovoldi tashviqotiga oid odob-axloq qoidalarini partiyalarning rahbarlari tomonidan imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Rivojlangan davlatlarda odatda bunday bitimlar siyosiy partiyalar yoki nomzodlar o‘rtasida saylov jarayonida insofsiz raqobatni oldini olish, adolatli kurashni ta’minlash, saylovoldi tashviqoti davomida nomzodlarning bir-biriga nisbatan hurmat saqlash va huquqiy cheklovlardan tashqari axloqiy me’yorlarga rioya qilish maqsadida tuziladi.

Jumladan, joriy yilda Yevroparlament saylovlarida hamda boshqa bir qator rivojlangan davlatlarda bo‘lib o‘tgan saylovlarda siyosiy partiyalar tomonidan shu kabi bitimlar imzolangan.

Ushbu odob-axloq qoidalari saylovoldi tashviqoti davrida yolg‘on axborot tarqatishning oldini olish, saylovlarning asosiy prinsiplariga rioya etilishini ta’minlash hamda saylovchilarga o‘z tanlovini erkin amalga oshirish imkonini yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda sun’iy intellekt imkoniyatlari ortib borayotganligi insoniyat uchun foydali bo‘lishi bilan bir qatorda, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan yolg‘on yoki uydirmadan iborat axborot materiallarining tarqatilishiga ham xizmat qilayotganligi kuzatilmoqda.  

Odob-axloq qoidalarining muhim qoidalaridan biri ham aynan ommaviy axborot vositalari va internet orqali saylovoldi tashviqotini olib borishda sun’iy intellektdan foydalanish tartibiga qat’iy amal qilish hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi qarori bilan saylovoldi tashviqotini olib borish bo‘yicha nizomga muvofiq, deputatlikka nomzodlarning va siyosiy partiyalarning ilk marotaba saylovoldi tashviqoti davrida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlash va tarqatishga oid qoidalar bilan to‘ldirildi.

Odob-axloq qoidalari bilan siyosiy partiyalar vakillari saylovoldi tashviqoti jarayonlarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga qat’iy rioya qilish, siyosiy partiya vakillarining shaxsiy hayot daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini hurmat qilish, shuningdek ijtimoiy axloqqa zid har qanday axborotni tarqatmaslik, saylovchilarga nisbatan tovlamachilik, qo‘rqitish yoki majburlash, o‘zgacha noo‘rin ta’sir choralarini qo‘llamaslik va haq evaziga o‘ziga og‘dirib olmaslik kabi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladilar.

Siyosiy partiyalar rahbarlari o‘rtasida Odob-axloq qoidalarining imzolanganligi mamlakatimizda saylov madaniyatining rivojlanayotganidan dalolat beradi hamda saylovlarni milliy qonunchiligimizga binoan ochiq, oshkora va shaffof o‘tkazishga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122219 | Инструменты