Huawei 1
Sog'liqni salqash vaziri Amrillo Inoyatov BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasidagi majlisda nutq so'zladi

AQSHning Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Uning doirasidagi yuqori darajadagi majlislarda Sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov boshchiligidagi bir guruh tizim masʼullari ham ishtirok etyapti

Kun tartibidan tibbiyotga oid qator global masalalar ham joy olgan. Jumladan, 20-sentabrda vazir “Pandemiyalarning oldini olish, ularga tayyorgarlikni taʼminlash va javob qaytarish” mavzusiga bag‘ishlangan majlisda maʼruza qildi.

Qayd etilganidek, pandemiya boshlanishi bilan mamlakatimizda kasallikning oldini olish hamda unga qarshi kurash bo‘yicha Prezidentning tegishli Farmon va qarorlari, Hukumat darajasidagi qator hujjatlar qabul qilindi. Respublika maxsus komissiyasi tuzildi. Qisqa qilib aytganda, murakkab epidemiologik vaziyatda davlat o‘z irodasini ko‘rsatdi.

Kasallikni yuqtirgan bemorlar uchun poytaxt yaqinida va viloyatlarda karantin markazlari, maxsus yuqumli kasalliklar shifoxonalari, taqsimlash muassasalari barpo etildi.

Bu davrda O‘zbekiston aholisini oziq-ovqat, dori-darmon bilan taʼminlash yo‘lga qo‘yildi. COVID-19 ni bepul diagnostika qilish tizimi shakllantirildi.

O'zbekistonda O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma ZF-UZ-VAS 2001 vaksinasini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. JSST tomonidan tavsiya etilgan boshqa emlash vositalaridan ham keng foydalanilmoqda.

Kelgusidagi ehtimoliy pandemiyalarga tayyor turish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Xalqaro tashkilotlar va qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda bu yo‘nalishda qator qo‘shma loyihalar ro‘yobga chiqarilmoqda.

Maʼruza yakunida pandemiyalarning oldini olish, ularga tayyorgarlikni taʼminlash yuzasidan o‘z takliflarini ham ilgari surildi.

"Koronavirus infeksiyasini to‘liq nazorat qilishni o‘rganishimiz kerak, — dedi u. — Bu jarayonda epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni takomillashtirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, COVID-19 ga chalingan bemorlarni erta aniqlash, davolash va profilaktikasini muvofiqlashtirish, takroriy infeksiyaning oldini olishda ikkilamchi immunitetning ahamiyatini o‘rganish, pandemiya tarqalishini erta prognoz qilish asosida karantin choralarini kuchaytirish yoki yumshatish muhim ahamiyatga ega.

Qolaversa, mutatsiyaga uchragan shtammlarga qarshi uzoq muddatli himoyani taʼminlash, bemorlar va sog‘ayganlarni emlash muddatlari, vaksinatsiya bilan bog‘liq xavflarni aniqlash, yangi avlod vaksinalarini yaratish zarur.

Bundan tashqari, fanga nomaʼlum va yetarlicha o‘rganilmagan infeksiyalar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan pandemiyalar davrida maxsus profilaktika strategiyalarini ishlab chiqish bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish talab etiladi. O‘zbekistonlik olimlar bu yo‘nalishda keng hamkorlikka tayyor.

Bundan tashqari, viruslar va hujayralar bankini yaratish, potensial xavfli viruslarning tabiiy rezervuarlarini o‘rganish va virusologiyada nanotibbiyotni rivojlantirish kabi masalalar kun tartibiga qo‘yilishi kerak."

Yig‘ilishda koronavirusga qarshi kurash borasida O‘zbekiston tajribasi yuqori baholandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50900 | Инструменты