Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Prezident mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida nutq so‘zlamoqda.
Qayd etilishicha, markaz bilan hamkorlikda kichik biznes loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq barcha jarayonlar soddalashgan tartibda belgilanadi.
Bank ham, markaz ham yangi loyiha daromad keltirib, tadbirkor faoliyati rivojlanishidan manfaatdor bo‘lishi uchun yangi kichik biznes loyihasi ishga tushgach, ikki yil davomida ulardan tushadigan barcha soliqlar “Biznesni rivojlantirish banki”ning aylanma mablag‘i uchun o‘tkazib beriladi.
Ya’ni, tadbirkor qancha ko‘p daromad topishidan bank manfaatdor bo‘ladigan tizim yaratiladi.
Eng asosiysi, ushbu dasturda istalgan davlat va xususiy banklar ishtirok etishi, o‘zlari ham resurs jalb qilishi mumkin bo‘ladi. Banklarning dastur doirasida olgan foydasi soliq bazasidan chegirib tashlanadi.
Buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlardan yana 500 million dollar jalb qilinadi.
Ushbu tashabbuslardan bir yil ichida kamida 150 mingta kichik biznes sub’yektlarini “oyoqqa turg‘izish”, kamida 25 mingtasini o‘rta korxonalarga aylantirish, sohada 250 ming yangi doimiy ish o‘rinlarini yaratish maqsad qilingan.
Prezident iqtisodiyotimizning yangi texnologiya va innovatsiyalarga asoslangan, sifatli hamda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqaradigan muhim bo‘g‘ini – o‘rta biznes ekanligini ta’kidladi.
Lekin hozir o‘rta biznes uchun sharoitlar yetarli emasligi qayd etildi.
Shu bois, kichikdan o‘rta biznesga o‘tish istagida bo‘lgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham yangicha yondashuvlarni yo‘lga qo‘yiladi.
Biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud jamg‘armalarning faoliyati ham, ishlash usuli ham tubdan o‘zgaradi.
Endilikda Tadbirkorlik jamg‘armasi xizmat ko‘rsatish, “yashil” va energiya samarador loyihalarga moliyaviy yordam ko‘rsatishga, Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi esa sanoat loyihalari uchun mas’ul bo‘ladi.
Jamg‘armalarni boshqarishga malakali xorijiy menejerlar olib kelinadi.
Ushbu jamg‘armalar byudjet mablag‘lari bilan cheklanib qolmaydi, ularga mustaqil investisiya jalb qilish vakolati beriladi. Bu orqali kelgusi bir yilda ushbu jamg‘armalar o‘rta biznes uchun qo‘shimcha 1 milliard dollar mablag‘ olib keladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты