Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Samarqand shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasining (UNCCD) bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiau bilan uchrashdi.
Muloqot davomida ko‘lami global tarzda kengayib borayotgan cho‘llanish va yer degradatsiyasi, chang bo‘ronlarining oldini olish, bioxilma-xillikni saqlab qolish yo‘nalishida BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Maʼlumot o‘rnida aytish joiz, O‘zbekiston Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida birinchilar qatorida BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasiga aʼzo bo‘lgan. Ushbu Konvensiya 1995-yil 31-avgustda O‘zbekiston parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinib, 1996-yilda kuchga kirgan. Bugungi kunda mazkur Konvensiyaga 197 ta davlat aʼzo hisoblanadi.
Global ekologik muammolar sharoitida O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan amaliy choralar xususan, qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlar, davlat dasturlarini qabul qilish va amalga oshirish borasidagi ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
Ibrohim Tiau O‘zbekistonning yashillik olamini qayta tiklash borasidagi tashabbuslari, erishayotgan yutuqlari naqadar jiddiy ekanini, yerlar degradatsiyasining oldini olish, shuningdek, yerning qayta tiklanishi bo‘yicha mamlakat keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirgan holda yetakchi davlatlar qatoriga kirgani, olib borgan amaliy harakatlari bilan barchaga namuna bo‘la olganini taʼkidlab o‘tdi.
Uchrashuv yakunida ekologik kun tartibi, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan muloqot va hamkorlikni izchil davom ettirish, oqibatlarni yumshatish bo‘yicha qo‘shma harakatlar va choralarni ishlab chiqishga kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90806 | Инструменты